Bahor – she’riyat, qiziqarli uchrashuvlar, ijodiy muloqotlar vaqti
Navro‘z bayrami arafasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan ko‘plab qiziqarli adabiy uchrashuvlar, loyihalar, mushoiralar, she’riyat bayramlari o‘tkazilmoqda.
Xususan, Toshkent viloyatining Qibray tumanidagi 7 va 28-sonli umumta’lim maktablarida Yozuvchilar uyushmasi tomonidan O‘zbekiston qahramoni,O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov hayoti va ijodiga bag‘ishlangan “Sen bahorni sog‘inmadingmi?” mavzusida adabiy-ma’rifiy tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda Abdulla Oripov o‘zining “Qush” nomli ilkshe’rini universitetda o‘qib yurgan kezlarida yozgani qayd etildi. 1965 yilda shoirning “Mitti yulduz” deb nomlangan birinchi she’riy to‘plami nashrdan chiqdi. So‘ngra, “Ko‘zlarim yo‘lingda”, “Onajon”, “Chashma”, “Ruhim”, “O‘zbekiston”, “Hayrat”, “Yurtim shamoli”, “Najot qal’asi”, “Yillar armoni” she’riy to‘plamlari bosilib chiqdi.
“Jannatga yo‘l”, “Tabib va o‘lim”, “Ranjkom”, “Sohibqiron” kabi dramatik dostonlar uning qalamiga mansub.
2000-2001 yillarda Abdulla Oripovning to‘rt jildli saylanma asarlari to‘plami nashrdan chiqdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2021 yilda mamlakatimizda O‘zbekiston qahramoni, O‘zbekistonxalq shoiri Abdulla Oripovning 80-yillik tavalludi keng nishonlandi.
– Madhiya va Navro‘z Abdulla Oripov ismi bilan bevosita bog‘liq, - dedi Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid. – Ma’lumki, Abdulla Oripov O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasini yozgan va Navro‘z kuni -21 martda tavallud topgan. Shoirning Vatanni sevishga chaqiruvchi she’rlari milliylik, teran falsafa bilan yo‘g‘rilgan.
Tadbir ishtirokchilar Abdulla Oripov she’rlaridan o‘qishdi, uning hayoti va ijodi haqida so‘z yuritildi. Yozuvchilar uyushmasi vakillari maktab kutubxonalariga yangi adabiyotlar taqdim etishdi.
Nazokat USMANOVA, O‘zA