Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Taqdir zarbalarini yengib, "badavlat xonim"ga aylandim
07:34 / 2021-09-21

Odamlar orasida

Tadbirkor ayollar haqida gap ketsa, ko‘pchilikning ko‘z o‘ngida qimmatbaxo mashinada savlat to‘kib yuradigan badavlat xonimlar qiyofasi aks etadi. Bunday ishbilarmon ayollarning hayotda hech qanday muammosi yo‘q, puli ko‘p, oshig‘i olchi, deydiganlar ham bor. Ammo ularning qalbiga yaqinroq borib, suhbatlariga quloq tutsangiz, katta-katta muammolari, dardu hasratlari borligiga guvoh bo‘lasiz.  

Toshkent viloyatining Bekobod shahrida yashovchi  “Zulfiya-Bonu-chevar” MCHJ rahbari O‘g‘iloy Mirzamurotovaning hayot yo‘llariga ham ko‘pchilik havas bilan qaraydi. Ammo uning taqdirida ham o‘ziga yarasha qayg‘u- hasratli, dard-alamli kunlar ko‘p bo‘lgan. Keling, yaxshisi, opaning so‘zlariga quloq tutaylikda, hammasini o‘zidan eshitaylik.

–Uch nafar farzandim bor. Ikkitasi sog‘lom, kenjatoy qizim Zulfiyaxon esa  nogiron bo‘lib tug‘ildi,–deya hikoyasini boshladi opa.  –Qizim o‘rtoqlari kabi mustaqil yurolmas, gapirishga ham qiynalardi.Unga 2 guruh nogironi berildi. O‘sha paytlarda o‘zim bolalar bog‘chasida mudira bo‘lib ishlardim. Qizim sog‘lom bolalar orasida yursa ularga qarab yurishga, gapirishga intiladi, degan o‘y bilan uni ham bog‘chada birga olib yuradigan bo‘ldim. Chunki inson boshqalarning xayrixohligidan bahra topib yashasa,  hayot na’shali bo‘ladi.  Ammo mening qizimga nisbatan xayrixohlik emas, norozilik bo‘ldi. Bog‘chaga kelgan onalar qizimning nuqsonli ekanini ko‘rib  "Nega bu qizni sog‘lom bolalar orasiga qo‘shib qo‘ydilaring, bu mumkinmi?” deyavergach, ariza yozib, ishdan bo‘shadim.  

O‘sha paytlardagi holatimni hozir eslasam... Xullas yig‘ladim, siqtadim, oxiri taqdirning sinoviga bardosh berishga majbur bo‘ldim. Qo‘limdan uncha-muncha tikish-bichish ishlari kelardi. Bor mablag‘imga ikkitagina tikuv mashinasi sotib olib, 2007 yilda  kasanachilik asosida tadbirkorlik faoliyatini boshladim. Sekin-asta ishimga talabgorlar ko‘paydi. Zulfiyaxon qizimni ham ishimga yo‘naltirdim. Qo‘lidan kelganicha, amallaganicha bizga yordam bera boshladi. Ba’zida men tikadigan matoni bir chetidan ushlab turar, ba’zida ninaga ip o‘tkazib bergani uchun ham xursand bo‘lib ketardi. Men boshlagan ish qizimning hayotiga quvonch olib kirayotganini ko‘rib, xursand bo‘lib ketdim va faoliyatimni kengaytira boshladim.

2014 yilda  “nol” qiymatida eski binoni sotib olib, o‘sha yerda tikuv mashinalarini o‘rnatdim.  50 nafar xotin-qizni ish bilan ta’minladim. Men yashaydigan joy Bekobod shahrining Jomiy mahallasi Tojikiston Respublikasi bilan  chegaradosh xudud bo‘lgani uchun ko‘proq bizga Tojikistondan buyurtmalar tushardi. Tojiklar bilan juda ahil-inoq yashaymiz. Mahallamizda 3 mingta oila bor. Bu hududga maktab, poliklinika, istiroxat bog‘i, ko‘chalar uchun asfalt judayam zarur edi. Liberal demokratik partiyasining shahar kengashi deputati bo‘lganim bois, joriy yilning mart oyida davlatimiz rahbariga murojaat bilan chiqdim. Prezidentimiz mening murojaatimni e’tiborga oldi va 25 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratildi.  Hududimizda hozir bunyodkorlik ishlari boshlab yuborilgan. Ko‘chalar asfalt qilinyapti, maktab, poliklinika qurilmoqda, suv o‘tkazib beradigan 2 ta zamonaviy transfarmator sotib oldik. Xullas, aholi uchun nimaiki zarur bo‘lsa, hammasi qurilyapti.

Hududimizda o‘zim xususiy bog‘cha ochganman, 50 nafar bola bor. Bog‘chamiz xususiy bo‘lsada,  to‘lov pullari davlat maktabgacha ta’lim muassasasi bilan bir xil. Men bog‘chadan hech qanday foyda ko‘rmayman. O‘ziniki o‘zini qoplasa ham xursand bo‘laman. Odamlar bolalarini uzoqqa olib borib qiynalmasin, degan maqsadda  ochganman.

Zulfiya qizimga kelsak, hozir uning kayfiyatlari judayam a’lo. O‘ziyam chevarlarga yordam berib, nimalardir tikib turadi. Bir joyda jim o‘tirmaydi, qiynalib bo‘lsada, harakat qilib, yordam bergisi keladi. Shu qizimni ortidan tadbirkorlik faoliyatini yuritib, boy-badavlat ayolga aylandim. Qo‘sha-qo‘sha mashinalar, uy-joylarga ega bo‘ldim. Ko‘plab odamlarni ish bilan ta’minladim.  Hali yana ezgu niyatlarim bisyor, korxonamni kengaytirib, yanayam ko‘proq odamlarni ish bilan ta’minlash niyatidaman. Korxonamizda tikilgan mahsulotlar qo‘shni Afg‘oniston, Tojikiston, Qozog‘iston mamlakatlariga eksport qilinmoqda. Men kabi imkoniyati cheklangan farzand tarbiyalayotgan ota-onalarga  hech qachon ortga chekinmaslikni, bunday bolalarning ham o‘ziga yarasha xislati borligini aytgim keladi.

Mana  barchamiz guvoh bo‘ldik yaqinda Tokioda o‘tkazilgan paralimpiya o‘yinlarida qanchadan-qancha imkoniyati cheklangan yigit-qizlar ko‘ksilariga oltin medal taqib, yurtimiz sharafini ulug‘lab qaytishdi. Gap odamning sog‘lom yoki nosog‘lom vujudida emas, uning qanday ishlarni bajara olganida, deb bilaman. Bolasining nuqsonli tug‘ilganidan uyalib, uni nogironlar uyiga topshirib yuboradigan ota-onalar qancha? Axir bu bolalar ham o‘zingizning zurriyodingizku. Aslida  ularning shunday qismat egasi bo‘lib qolishlarida sizning ham aybingiz bor. Nega o‘z xatoyingiz jabrini tortishga ularni majbur qilasiz, degim keladi. Balki ular orasida bunday bolaga qarash bizga  oson emas, deguvchilar ham topilar. Ammo unutmang, bolangiz uchun uni oila muhitidan ajratishdan  og‘ir jazo bo‘lmaydi.  

Inson hamisha qahramon bo‘lishi mumkin emasdir, lekin hamisha inson bo‘lib qolishi shart, degan iborani  shior qilib yashayman. Taqdir zarbalarini yengib, badavlat xonimga  aylanganim uchun shukrona keltirib yashayman.

O‘zA muxbiri Nigora Rahmonova yozib oldi.