Ocherk
Tiriklik olamida har bir narsaning asli bo‘lgani kabi uning ro‘yosi ham yo‘q emas! Mana shu asllik esa qalb ummonida saqlanuvchi dur, ya’ni xulq va ilm gavharidir. Ushbu ikki jihatni o‘zida jamlab bilgan daryodil kishilar haqida “Taqdir nazar solgan inson...”, deyiladi. Aslida bunday odamlar o‘z taqdiriga sergak nigoh tashlab, umr ummonining loyqalarida qalbini pokiza saqlay bilgan va saodat yo‘lini mustahkam belgilab olganlardir.
Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti prorektori, asl pedagog Jamoliddin Nazarovning taqdir yo‘liga ko‘z tashlar ekanmiz, ana shu fikrlar ongimizda bexos gavdalanadi...

“Totuvli” tortiq etgan iste’dod
...1974 yilning kuz pallasi. Tonggi izg‘irin badanni junjiktiradi. Narpay tumanining “Totuvli” qishlog‘ida paxta yig‘im-terimi avj pallada. Biroq terimchilarda allanechuk horg‘inlik sezilib turibdi... Kuzning so‘nggi oyi salkam o‘rtasiga kelib qolganiga qaramay qishloq odamlari dalalarda chanoqlari kaftni yorguvchi oppoq paxtalarni - etaklardagi vazmin-vazmin hosillarni boshga ko‘targancha tarozi tomon oshiqmoqda...
Uzoqdan bir kishi tez-tez qadam tashlab, terimchilar tomon kela boshladi. Yanada yaqinroq kelganida barcha uni tanidi – jamoa xo‘jaligi qurilish brigadasining usta duradgori edi. Uning yuzidagi xushnudlik ko‘zga tashlangach, yaxshi bir so‘z, xushxabarga mahtal kishilarning qalbi ham birdan yorishib ketdi.
Shu kuni “Totuvli” qishlog‘ida duradgor usta Toshqul Nazarov va oila bekasi Fazilat Nazarova xonadonida bir qiz va ikki o‘g‘ildan so‘ng yana bir farzand dunyoga kelgandi. Kattalar yig‘ilib, bayram dasturxoni tashkil etildi. Go‘dakka umr yo‘li go‘zal bo‘lsin, deya Jamoliddin ismini qo‘yishdi.

Bolalik beg‘uborliklari zamona zaylining qiyinchiliklari bilan birga kechgan kishining xotirasida o‘sha damlar o‘ta aniqlikda, teran gavdalanadi. Zero, mashaqqat ortidan kelgan rohat boshqacha totli, ozgina yaxshiliklar ham qalbni jumbushga soladigan darajada bo‘ladi.
Jamoliddinning ham bolaligi ana shunday kecha boshladi. U aqlini taniboq kolxozning turli binolari qurilishida ter to‘kayotgan otasi va akalariga yordamga oshiqardi. Ulg‘ayib, chayir yigit yoshiga yetganida esa padari buzrukvoriga ko‘makchi bo‘ldi. “Ota kasbini davom ettirgan odam kam bo‘lmaydi”, derdi ko‘pincha usta Toshqul nasihat qilib bolalariga. Ammo buning og‘ir mehnat ekanligi va mashaqqatini yaxshi bilgan ota farzandlari oliy ta’lim olishini istar va shunga qattiq harakat qilardi. Qolaversa, Jamoliddin maktabda o‘qib yurgan kezlari ancha ziyrak va fanlarni a’lo baholarda o‘zlashtirib, doimo ota-onasiga o‘qituvchilari rahmatini olib kelardi.
Darhaqiqat, o‘zbek urug‘laridan birining nomi bo‘lgan “Totuvli”ning lug‘aviy ma’nosi “tortuvli”, “tortiq etilgan” ma’nolarini ham bildiradi. Kelajakda katta bir dargohda rahbar bo‘lgan Jamoliddin ham, balki oilasi va mo‘’jaz qishloq ahli uchun Taqdirning tuhfasi edi. Ehtimol, ota-onaning qattiq istagi, sa’y-harakati va bandadagi ishtiyoq sabab Taqdir uning umr yo‘lidagi qadamlarini ana shunday sharafli tomonga burib yubordi...
Katta hayotga yo‘l boshlab bergan ko‘za va olma voqeasi
O‘tgan asrning 90-yillari... San’at texnikumiga o‘qishga kirish istagidagi bir guruh yoshlar uch kundan buyon natyurmort chizmoqda. 9-sinfni tamomlagan Jamoliddinning ham rassomchilikka qo‘li ancha kelishib qolgan, otasi uning xatti-harakatlarini naridan kuzatib turibdi. Xona to‘rida esa ko‘za va olma...
Har kuni ikki-uch soatdan davom etgan mashg‘ulot nihoyat yakunlanib, uchinchi kunda natijalar e’lon qilina boshlandi. Natyurmort chizish asnosida atrofidagilarning ham asarlarini kuzatib, o‘zicha o‘qishga tanlanganini taxmin qilgan Jamoliddinning yuragi hayajonga to‘la. Kimdir uch, kimdir to‘rt... “Mening bahoyim unda besh”, deya o‘yladi shu onda u. Va nihoyat “Jamoliddin Nazarov” ismi yangradi. Baho esa qoniqarsiz edi.
Hammasi avvaldan aniq. Yoshlarga natyurmort chizdirish esa shunchaki tomosha, aslida kimning o‘qishga kirish-kirmasligi oldindan ma’lum bo‘lgan. Yoshligidan nohaqlikka murosasiz bo‘lgan Jamoliddin imtihonlardan so‘ng komissiyaga e’tirozlarini bildirsa-da, unga quloq solishmadi. Ota horg‘in kayfiyatda o‘g‘lining boshini silarkan texnikumdan chiqib keta turib: “Balki buning boshqa chorasi bordir? Gaplashaymi?” dedi. Ham biliming bo‘la turib, ham iste’dodingni ko‘rsatishga intilib... yana pora bersang-a!
– Yo‘q! - dedi yigitcha e’tiroz bildirarkan qat’iy ohangda. Shu-shu san’at va rassomchilikka qattiq mehr qo‘ygan J.Nazarov kelgusi hayotini boshqa fan bilan bog‘ladi. Mana shu daqiqalar, mana shu kun uning Taqdir yo‘li o‘zga tarafga burilgan kun bo‘lib qoldi.
Pedagogning asosiy vazifasi...
Shu tariqa J.Nazarov maktabni tamomlab, 1993-1998 yillarda Navoiy davlat pedagogika institutida tahsil oldi va bir muddat o‘zi ta’lim olgan oliygohda pedagog sifatida ish yuritdi. 1999 yildan boshlab esa uning mehnat faoliyati yana bir nufuzli oliygoh - Navoiy davlat konchilik instituti bilan bog‘landi. Qator yillar ushbu muassasada laboratoriya mudiri, assistent vazifasida ishlagan yosh pedagog keyinchalik “Umumiy fizika” kafedrasi o‘qituvchisi, 2011-2017 yillarda kafedra mudiri vazifalarida ham faoliyat olib bordi.
– Yoshlik yillarimda ustozim Ahmad Bozorovning o‘gitlari, menga qilgan barcha yaxshiliklari qalbimga muhrlangan, – deydi J.Nazarov. – Oliy o‘quv yurtida o‘qib yurganimda Eliboy Xudoyberdiyev, Amrillo Muzaffarov, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanganimda menga bu borada rahbarlik qilgan marhum Abdulaziz Karimov va yana ko‘plab fidoyi pedagoglar haqidagi xotiralar ham ko‘z o‘ngimda hamisha gavdalanadi. Ularning bari men uchun qadrli kishilar.

J.Nazarov pedagogning asosiy vazifasi yoshlar ma’naviyati bilan bog‘liq ekanligiga qat’iy ishonarkan, bilim va tarbiya masalasida hamisha tarbiyani ustun qo‘yadi. “Millat taqdirini hamisha tarbiyali odamlar belgilaydi va yaxshi tomonga o‘zgartira oladi”, deydi u.
Aytish mumkinki, qariyb 9 ming nafarga yaqin talaba tahsil olayotgan universitetda J.Nazarov nafaqat yoshlarning bugungi xulq-atvori masalasiga, balki ularning kelajak hayotiga ham javobgar. Kundalik vazifasi - yoshlar bilan uchrashib, ular bilan dildan suhbat qurar ekan, qahramonimiz hamisha yaxshi hayotning asosi nimada ekanligini tushuntirishga harakat qiladi: “Ertangi kun bugun olingan puxta bilimga bog‘liq. Shuning uchun ham bugun o‘rgangan ilmni kelajakka tikilgan sarmoya deyish mumkin. Yoshlarda jamiyat farovonligi, umuman yaxshi hayotning asosi puxta zamonaviy bilim ekanligiga qat’iy ishonch hosil bo‘lishi lozim. Ayni vaqtda internet zamonida yashayapmiz, bunda texnologiya, chet tillarini chuqur bilish hamda ma’naviy tarbiya o‘ta muhim.
Badiiy adabiyot — tarbiyada muhim vosita
Aniq fan sohasidagi har bir yaratiq ostida kuchli kreativlik turibdi. Ya’ni aslida olib qaralsa dunyo tanigan kashfiyotchi va startap egalari badiiy adabiyot bilan oshno, deyish mumkin.
– O‘qigan kitoblarim orasida eng ta’sirlanganim O‘tkir Hoshimovning “Ikki eshik orasi” romani sanaladi, – deydi J.Nazarov kitobxonlik masalasiga to‘xtalarkan. – O‘quvchilik yillarim ushbu asarning mutolaasi jarayonida kechgan ruhiy evrilishlar hamon qalbimning bir chetida turibdi. Men o‘sha vaqtda har bir asar yakuni yaxshilik bilan tugaydi, deb hisoblaganman. Ammo mazkur roman kutilmaganda boshqacha yakunlangan. Shunda anglaganmanki, hayot o‘zi mana shunday: inson taqdirida yuz berishi mumkin bo‘lgan, ruhiyatida sodir bo‘ladigan holatlar bu romanda haqqoniy tasvirlangan va to‘la-to‘kis ochib berilgan.
Umuman olganda, badiiy adabiyot hayotga qarashlaringizni tarbiyalaydigan eng muhim vosita. Chexovning bu borada shunday hikmatli so‘zi bor: “Insonda hamma narsa go‘zal bo‘lishi kerak”. Albatta, odamzod uchun eng oliy xushsuratlik bu fikriy go‘zallikdir. Jahon adabiyotidan Heminguyeyning “Chol va dengiz”, Tolstoyning “Anna Karenina” va Chingiz Aytmatovning barcha asarlarini katta taassurot bilan mutolaa quluvchi qahramonimiz badiiy adabiyotni tarbiyaning muhim vositasi, deb biladi.
Boqiy yaxshilik
Taqdir nazari... Muqaddas bitiklarda qayd etilishicha, Yaratganning banda ustiga sinov yo‘llashidan ikki maqsadi bor: shulardan biri qiyinchiliklar oldida qanday yo‘l tutishiga qarab uning darajasini ko‘tarish - bu Taqdirning tuhfasi, nazari...
Albatta, bu fikrlar fidoyi pedagog hamda yoshlar ta’lim-tarbiyasi va ma’naviyatida hamisha jonkuyar Jamoliddin Nazarov haqidagi barcha gaplar emas. Hayotga qalb ko‘zi bilan qaraydigan bunday insonlar haqida uzoq gapirish mumkin. So‘zimiz yakunida boqiy Allohning doimiy nazari qahramonimizning umr yo‘lini yoritguvchi hikmat chirog‘i bo‘lishini tilaymiz...
Ozod Mustafoyev,
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi.
O‘zA