Senat yalpi majlisida hududlarni rivojlantirish borasidagi amaliy harakatlar izchil davom etayotgani qayd etildi.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva Davlatimiz Rahbarining Namangan viloyatiga tashrifi bu boradagi ishlarga muhim turtki bo‘lganini alohida e’tirof etdi. So‘nggi sakkiz yilda viloyatga 7 milliard dollar xorijiy investitsiya kiritilgan, 8 mingga yaqin yangi korxona ishga tushgan. Mehnatga layoqatli aholining 82 foizi kichik biznes va tadbirkorlikda band.
Prezidentimiz islohotlar samarasi, avvalo, mahallada aks etishi zarurligiga urg‘u berib, mahallalarni obod qilish bo‘yicha “Taraqqiyot va yetakchilik maskani” dasturini amalga oshirish tashabbusi bilan chiqdi. Dasturga muvofiq, Yangi O‘zbekiston ruhi kirib borishi kerak bo‘lgan 33 tuman va 330 og‘ir mahalla belgilab olindi. Bu tumanlarning har biriga 100 milliard so‘mdan, mahallalarning har biriga esa 5 milliard so‘mdan mablag‘ ajratiladi. Umuman, bu dasturni moliyalashtirish uchun 7 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltiriladi.

Ushbu tashabbus hududlarimiz qiyofasini yaxshilash, mahallalarda aholi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirish ishlarini yangi bosqichga olib chiqishi shubhasiz.
Poytaxtimiz va Toshkent viloyatida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasi hududida zamonaviy sanoat quvvatlari, yangi korxonalar ishga tushirilib, minglab yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda.
Maqsad – xalqimiz uchun qulay shart-sharoitlar, munosib daromadli ish o‘rinlari yaratish, hududlarni kompleks rivojlantirishdir.
– Umuman olganda, hududlarni rivojlantirishga qaratilgan dasturiy islohotlarning muhim mezoni – kambag‘allikni qisqartirish ekanligini hammamiz yaxshi bilamiz, - dedi T.Norboyeva. – Bejiz Prezidentimiz Bosh assambleyada ushbu masalaga alohida urg‘u bermadi. Zotan, kambag‘allikni qisqartirish – global Barqaror rivojlanish maqsadlarining eng birinchisi hisoblanadi. “Inson qadri uchun” tamoyili asosida keyingi sakkiz yilda olib borilgan tizimli islohotlar natijasida 7,5 million aholi kambag‘allikdan chiqarildi. O‘tgan yilda kambag‘allik darajasi 8,9 foizga tushirildi. Joriy yil oxiriga qadar 6 foizgacha kamaytirish bo‘yicha barcha imkoniyatlar ishga solinayotgani xalqaro hamkorlarimiz tomonidan yuksak e’tirof etilmoqda.
Bu qator xalqaro reytinglarda aks etmoqda. Joriy yilda O‘zbekiston Barqaror rivojlanish maqsadlari indeksida 19 pog‘onaga ko‘tarilib, 167 davlat orasida 62-o‘rinni egalladi.
Barqaror rivojlanish maqsadlari, xususan, kambag‘allikni qisqartirish masalalari doirasida xalqaro hamkorlar bilan doimiy va samarali muloqot o‘rnatilgan.
Keng qamrovli dasturiy vazifalarni izchil davom ettirish orqali kelgusi besh yil davomida yurtimizda mutlaq kambag‘allikka to‘liq barham berish maqsadi qo‘yilgani katta iroda bo‘lib, barchamizning zimmamizga ulkan mas’uliyat yuklaydi.
Norgul Abduraimova, Alimurod Mamadaminov (surat), O‘zA