Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tanzila Norboyeva: xalqaro biznes-forum ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishda yangi sahifa ochib beradi
18:33 / 2021-09-21

Ma’lumki, mamlakatimiz parlamenti delegatsiyasi a’zolari Qirg‘iziston Respublikasi Bishkek shahrida rasmiy tashrif bilan bo‘lib turibdi.

Tashrif doirasida Oliy Majlis Senati Raisi boshchiligidagi delegatsiyamiz «Qirg‘iziston va O‘zbekiston tadbirkor ayollari muloqoti» xalqaro biznes-forumida ishtirok etdi.

Qirg‘iziston va O‘zbekiston tadbirkor ayollarining mintaqaviy iqtisodiy salohiyatini mustahkamlash uchun ularning barqaror muloqotini shakllantirish maqsadida tashkil etilgan tadbirda vazirliklar, xalqaro tashkilotlar, biznes birlashmalari, fuqarolik jamiyati vakillari va tadbirkor ayollar qatnashdi.

Forumni ochib berar ekan, Tanzila Norboyeva Qirg‘iziston va O‘zbekiston tadbirkor ayollarining bunday keng formatdagi va ikki mamlakat vakillari delegatsiyalari ishtirokidagi muloqoti ilk bor o‘tkazilayotganini, shuningdek, mazkur biznes-forum xotin-qizlarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishda yangi sahifa ochib berishini ta’kidladi.

Forum davomida tadbirkor ayollar uchun yangi imkoniyat va istiqbollar yaratish, Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun iqtisodiyotning muhim yo‘nalishlarida malakalarni mustahkamlash, mamlakat va mintaqaviy darajada tadbirkor ayollarni birlashtirish, ishtirokchi davlatlar tadbirkorlari tajribasini namoyish etish hamda o‘tkazish va boshqa masalalarga alohida e’tibor qaratildi.

Shu o‘rinda, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani ta’kidlandi. O‘tgan besh yilning o‘zida ikki tomonlama tovar aylanmasi deyarli o‘n barobar o‘sdi va 2020 yil yakuniga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkich 900 million dollardan ortiqni tashkil etdi.

– O‘zbekistonda ayollar tadbirkorligini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda, – dedi Tanzila Norboyeva. –2020 yilda tadbirkor ayollar soni 172,4 mingga yetdi. Mamlakatning har bir hududida Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari faoliyat ko‘rsatmoqda, ularda har yili 30 mingga yaqin ayolga tadbirkorlik, kasb-hunarga qayta tayyorlash va ishga joylashish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatiladi.

Ta’kidlash kerak, ustav kapitali 96 mmillion AQSH dollari bo‘lgan yangi tashkil etilgan Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi doirasida tadbirkor ayollarning loyihalarini imtiyozli kreditlash dasturi ishga tushirildi.

Forum Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti doirasida Markaziy Osiyo va Afg‘oniston tadbirkor ayollari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan «Yo‘l xaritasi»da belgilangan vazifalar bajarilishiga ko‘maklashishi ham ma’lum qilindi.

Ushbu tadbir parlamentlararo, savdo-iqtisodiy hamkorlik, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasida yuksak darajada ahil qo‘shnichilik, strategik hamkorlik va mintaqada ayollar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha ilgari erishilgan kelishuvlarni mustahkamlaydi. Ishtirokchilarning boy tajribasi esa xotin-qizlarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish sohasidagi maqsad va vazifalarni amalga oshirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Ishtirokchilarning fikricha, forum barqaror iqtisodiyot uchun eng yaxshi amaliyot yaratishda tadbirkor ayollar o‘rtasidagi mamlakatlararo va mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun asos bo‘ladi.

 

Behruz XUDOYBERDIEV,  

O‘zA muxbiri