Senatning o‘n ikkinchi yalpi majlisi davom etmoqda.
Senat raisi Tanzila Norboyeva majlis davomida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga to‘xtalib o‘tdi.
– Butun dunyoda kechayotgan murakkab geosiyosiy jarayonlar, yaqin va uzoq mintaqalarda kuzatilayotgan ziddiyat va to‘qnashuvlar, koronavirus pandemiyasi va global iqtisodiy inqiroz sharoitida mamlakatimiz o‘zining ochiq va pragmatik tashqi siyosatini faol olib bormoqda, – dedi T.Norboyeva. – Ayniqsa, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan ilgari surilgan va butun Markaziy Osiyo mintaqasidagi ko‘p millatli xalqlar uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan “Mozori-Sharif – Qobul – Peshovar” temir yo‘li loyihasi “asr hodisasi” bo‘ldi, desak mubolag‘a emas.
Kuni kecha bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston uch tomonlama ishchi guruhning birinchi yig‘ilishida ushbu loyihani amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. O‘zbekistonning mazkur loyihani ilgari surish bo‘yicha qat’iy sa’y-harakatlari xalqaro hamjamiyat tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Markaziy Osiyo davlatlari xalqaro dengiz portlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmaganligi bois, xalqaro tashuvlar va tranzit xarajatlari dengiz yo‘liga erkin chiqa oladigan mamlakatlarga qaraganda 2-3 baravar yuqori.
Mazkur loyiha Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlarining barqaror rivojlanishini ta’minlashda strategik ahamiyatga ega bo‘lib, o‘zaro hamda global savdo-iqtisodiy aloqalarning yangi davrini boshlab beradi.
O‘zA