Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining uchinchi yig‘ilishini O‘zbekiston Senati Raisi Tanzila Norboyeva kirish so‘zi bilan ochdi.
– Yig‘ilish Markaziy Osiyoda nafaqat mintaqaviy, balki global ahamiyatga ega bo‘lgan muhim va jadal jarayonlar sodir bo‘layotgan bir sharoitda o‘tmoqda, – dedi T.Norboyeva. – Yetti yildan beri muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelayotgan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining maslahat uchrashuvi bugun eng dolzarb mintaqaviy, ikki tomonlama va global masalalarni muhokama qilish uchun asosiy platformaga aylandi. Mazkur mexanizm orqali mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ishonch muhiti mustahkamlandi hamda siyosiy, iqtisodiy va xavfsizlik bo‘yicha yondashuvlarni uyg‘unlashtirish uchun poydevor yaratildi.
Ayniqsa, Ozarbayjon Respublikasining ushbu formatga kiritilgani Yangi Markaziy Osiyoning shakllanishiga xizmat qilmoqda.

Bugungi kunda mintaqamiz xalqaro maydonda o‘zaro kelishilgan pozitsiyasi va umumiy manfaatlarini ilgari surishga qodir bo‘lgan yagona siyosiy va iqtisodiy makon sifatida shakllanib bormoqda. Bu, shubhasiz, Markaziy Osiyoning geostrategik ahamiyatini ham oshiradi.
Mintaqamiz mamlakatlari o‘rtasida yangi darajadagi parlament hamkorligi ham aynan oliy darajada hamkorlik va qabul qilinadigan qarorlar asosida shakllanmoqda.
Davlat rahbarlarining erishgan kelishuvlariga muvofiq Markaziy Osiyo mamlakatlarining parlamentlararo hamkorlik formati ham yaratildi. Qisqa vaqt ichida u barqaror muloqot institutiga aylandi. Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘izistonda o‘tkazilgan uchrashuvlar hamkorlikni sezilarli darajada faollashtirishga imkon berdi.

Bugungi kunda milliy qonunchiliklarni uyg‘unlashtirish, qonun ijodkorligi bo‘yicha tajriba almashish va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha birgalikda faol ish olib borilmoqda. Global muammolarga nisbatan javob topishda, mintaqaviy tashabbuslarni ilgari surishda parlamentlarning hamkorlikdagi sa’y-harakatlari muhim ahamiyatga ega.
– Markaziy Osiyo mamlakatlari va Koreya Respublikasi xalqlarini o‘xshash tarixiy an’analar, umumiy qadriyatlar, tinchlik, barqarorlik va barqaror rivojlanishga intilish birlashtiradi. Bu esa hamkorligimizni yanada mustahkamlash uchun mustahkam poydevor yaratadi. “2023 yilda "Markaziy Osiyo + Koreya" parlamentlararo formatining tashkil etilishi ushbu hamkorlikni yanada rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi. Parlamentlararo va hukumatlararo muloqotning izchil rivojlanishi, hamkorlikni yanada yuqori bosqichga olib chiqish uchun muhim maydonga aylandi. Shu o‘rinda davlat rahbarlarining “Markaziy Osiyo va Koreya Respublikasi” formatidagi birinchi sammiti 2026 yilda o‘tkazilishi rejalashtirilganini ta’kidlash muhimdir. Ishonchimiz komilki, bo‘lajak sammit hamkorligimiz rivojlanishida yangi bosqichni boshlab beradi, strategik sheriklik mustahkamlanishi va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish uchun yangi yo‘nalishlarni belgilab beradi, – dedi Senat Raisi.
Norgul Abduraimova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA