ONLAYN
Senat yalpi majlisida mamlakatimizda yaqinda o‘tkazilgan mahalla raislari saylovlari yakunlariga e’tibor qaratildi.
– Mahalla oldiga qo‘yilayotgan vazifalar, aholi tomonidan bo‘layotgan talablar u yerda professional jihatdan yetuk kadrlar, xalqning dardi bilan yashaydigan fidoyi insonlar ishlashini taqozo etadi, – dedi Senat raisi Tanzila Norboyeva. – Mahalla raislari uchun o‘quvlar tashkil etyapmiz, boshqa xodimlarning ham vaqti-vaqti bilan malakasini oshirish ishlarini yo‘lga qo‘ysak, ularning ish samaradorligini oshirishga xizmat qilgan bo‘lar edi.
Shu o‘rinda yana bir muhim masalaga e’tiborlaringizni qaratmoqchiman. Mamlakatimizda barcha iqtisodiyot tarmoqlariga bozor mexanizmlari yanada jadal tatbiq qilinmoqda. Bu juda muhim. Iqtisodiy taraqqiyotga erishmoqchi ekanmiz, erkin bozor sharoitlariga o‘tishimiz zarur. Bu bozor iqtisodiyotining qonuniyatlaridan biridir. Bu degani ijtimoiy siyosat keyingi o‘ringa qo‘yiladi, degani emas. Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat! Bu Taraqqiyot strategiyamizning o‘zak tamoyillaridan biridir.
«Davlatimiz rahbari sa’y-harakatlari bilan aholini ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlashga misli ko‘rilmagan darajada katta e’tibor qaratilmoqda va bundan keyin ham shunday bo‘ladi. Faqat buni odamlarga to‘g‘ri tushuntirish, ochiq va shaffof ish olib borish, muloqotdan qochmaslik kerak. Aynan Yangi saylangan mahalla raislari o‘z faoliyatida ana shu jihatlarga ko‘proq urg‘u berishlari maqsadga muvofiq», deb alohida qayd etdi Senat raisi.
Bu borada vazirlik, idoralar, qolaversa, parlament a’zolari va joylardagi deputatlar mahalla raislariga ko‘mak berish, hududlarga chiqib, aholi bilan yuzma-yuz muloqot qilish, olib borilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati va zaruratini to‘g‘ri tushuntirish ishlarini yanada faollashtirish zarurligi majlisda qat’iy aytildi.
N.Abduraimova, O‘zA