Ko‘p kvartirali uylarda bir xonadondagi o‘zgarish (devorlarni buzish, kengaytirish, birinchi qavatdagilar qo‘shimcha imoratlar solishi va h.k.) boshqa xonadonlarga ta’sir qilmay qolmaydi. Aynan shu masalada javobgarlik belgilanishi mumkin.
Ko‘p kvartirali uy-joy fondini saqlab turish va ulardan foydalanish sohasida jami 37 mingdan ortiq ko‘p kvartirali uylardan foydalanishning texnik xavfsizlik qoidalariga rioya etilishi o‘rganilgan. Natijada 61 mingdan ortiq holatda ko‘chmas mulk egalari tomonidan uy-joy fondi va unga tutash hududlarda o‘zboshimchalik bilan qurilmalar barpo etilish holatlari aniqlangan.
Biroq, noqonuniy qurilmalarni majburiy tartibda bartaraf etishga oid sudlarga arizalar taqdim etishda oldindan davlat boji to‘lovini amalga oshirish belgilanganligi tufayli ushbu mazmundagi materiallarni sudlarga taqdim etishda bir qator qiyinchiliklarni keltirib chiqargan.
Senat yalpi majlisida “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimi takomillashtirilayotganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqilganda shu haqda gap bordi.
Qonunchilikka muvofiq, uy-joy mulkdorlari shirkatlari ko‘p kvartirali uyga tutash yer uchastkasini obodonlashtirish bo‘yicha hamda aholiga boshqa xizmatlar ko‘rsatilgan va ishlar bajarilgan taqdirda, xizmatlar ko‘rsatish uchun tegishli soliq to‘lovlaridan ozod etilgan.
Biroq boshqaruv tashkilotlari faoliyatiga nisbatan ushbu imtiyozlar tatbiq etilmayotganligi turli kelishmovchiliklarni yuzaga keltirmoqda. Ushbu bo‘shliqni bartaraf etish maqsadida ishlab chiqilgan ushbu qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga, Soliq kodeksiga, “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Senat raisi Tanzila Norboyeva ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatish sohasi ancha yillar e’tibordan chetda qolgani oqibatida nazoratsizlik yuz berganini qayd etdi. Hozir boshqaruv kompaniyalari ommalashmoqda. Lekin ular ham hali aholining ishonchini to‘la oqlayotgani yo‘q. Muammo yetarlicha. Bular asosan mablag‘ bilan bog‘liq. Shuning uchun boshqaruv kompaniyalariga soliq imtiyozlari berilishi ularning moliyaviy holati yaxshilanishi va pirovardida xizmat ko‘rsatish sifati oshishiga xizmat qiladi.
– Kiritilayotgan o‘zgartirishlar – berilayotgan imkoniyatlar, imtiyozlar, vakolatlar, cheklovlar zamirida birinchi navbatda aholi manfaatlari yotibdi, – dedi Tanzila Norboyeva. – Ko‘p kvartirali uylarda bir xonadondagi o‘zgarish (devorlarni buzish, kengaytirish, birinchi qavatdagilar qo‘shimcha imoratlar solishi va h.k.) boshqa xonadonlarga ta’sir qilmay qolmaydi. Befarqlik, mas’uliyatsizlik sababli mazkur masala ko‘p vaqt e’tibordan chetda qolgani ham haqiqat. Endi aniq javobgarlik belgilanmoqda: mansabdorga ham, jismoniy shaxsga ham.
Qonunning hayotga tatbiq etilishi natijasida kommunal xizmat ko‘rsatish sohasida, shu jumladan, ko‘p kvartirali uylarni saqlash va undan foydalanishda qonun buzilish holatlarining oldini olishga hamda aholining xavfsiz yashashiga sharoit yaratib berilishiga erishiladi.
N.Abduraimova, O‘zA