Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tanzila Norboyeva: Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini munosib ish o‘rni va daromad bilan ta’minlash zarur
12:10 / 2024-02-09

Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash tizimi samaradorligini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish hamda kam ta’minlangan oilalar a’zolari bandligini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, soliq imtiyozlari va preferensiyalar, xususan, soliqlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini berish hamda pasaytirilgan soliq stavkalarini belgilash orqali tadbirkorlik sub’ektlarini kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlarga faol jalb qilish maqsadga muvofiq.  

Senat yalpi majlisida muhokama qilingan “Kambag‘allikni qisqartirishda tadbirkorlik sub’ektlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatishga qaratilgan chora‑tadbirlar belgilangani munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun shu maqsadga qaratilgan.  

Qonun bilan Soliq kodeksiga tadbirkorlik sub’ektlariga ular yaratgan yangi ish o‘rinlari soniga qarab tegishli soliqlarni muayyan muddatlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati berilishini, shuningdek, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i pasaytirilgan soliq stavkalari bo‘yicha to‘lanishini nazarda tutuvchi qo‘shimchalar kiritilmoqda.  

Ushbu masala yuzasidan munosabat bildirgan Senat Raisi Tanzila Norboyeva ijtimoiy siyosat samaradorligi, birinchi navbatda, iqtisodiy mexanizmlarga bog‘liqligini qayd etdi. Shu nuqtai nazardan, soliq qonunchiligiga kiritilayotgan qo‘shimchalarni, normalarni ijtimoiy yo‘naltirilayotgan normalar deb aytsak, juda to‘g‘ri bo‘ladi.  

– Joriy yilda aholi bandligini ta’minlash borasida davlat tomonidan juda katta marralar olingan, – dedi Senat Raisi. – Respublikamizda 5 milliongacha yangi ish o‘rinlarini yaratish imkoniyatlari mavjud. Bu borada hozir hamma tarmoqlar o‘z ishini tashkil qilmoqda. Eng asosiy yo‘nalish – bu tadbirkorlik faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish. Bu juda muhim. “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturining ishga tushirilishi ham mana shu yo‘nalishdagi ishlarni tartibli, tashkiliy nuqtai nazardan to‘g‘ri olib borishga imkoniyat yaratadi. Eng asosiysi, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini munosib ish o‘rinlari va daromad bilan ta’minlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni tizimli ravishda amalga oshirish imkoniyatini beradi.  

Asosiy masala berilayotgan imkoniyatlardan, birinchi navbatda, tadbirkorlarimizni xabardor qilish. Hozir juda ko‘p yoshlarimiz tadbirkorlikka qiziqib, mehnat bozoriga kirib kelyapti. Ularda tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga ishtiyoq juda katta. Ularning mana shu imtiyozlardan xabardorligini oshirish, huquqni qo‘llash amaliyotini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish eng asosiy masaladir. Shuning uchun, Soliq qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi va tegishli vazirliklar bu boradagi ishlarni mahalladan boshlab tashkil qilishi kerak. Senat qo‘mitalarining ham bu borada tarmoqlar kesimida o‘z vazifalari bor. Ayniqsa, mahalliy Kengashlarning ishlarini faol tashkil qilish lozim.  

Kodeksda ko‘zda tutilgan qo‘shilgan qiymat, foyda solig‘i hamda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan tashqari barcha soliqlarni ular yaratgan yangi ish o‘rinlari soniga qarab bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati berilmoqda. Jumladan, 51 tadan 100 gacha yangi ish o‘rni yaratilganda – uch oygacha; 101 tadan 200 gacha yangi ish o‘rni yaratilganda – olti oygacha; 200 tadan ortiq yangi ish o‘rni yaratilganda – o‘n ikki oygacha, etib ifodalandi.  

Korxona ishga qabul qilingan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan fuqarolarga kamida 1 yil davomida har oy mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori bir baravaridan kam bo‘lmagan ish haqini to‘lab, bandligini ta’minlashi kerak.  

Senatorlar ma’qullagan qonun aholi bandligining o‘sishiga, kambag‘allikni qisqartirishga hamda kam ta’minlangan oilalar a’zolarini ishga qabul qilishda tadbirkorlik sub’ektlarini rag‘batlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.  

Norgul Abduraimova, O‘zA