Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tanzila Norboyeva: Hukumatga yuborilgan parlament so‘rovidan keyin prokuratura tomonidan 58 jinoyat ishi ochildi
11:40 / 2023-12-20

Aniqlangan holatlar natijasida tabiatga yetkazilgan 60 milliard so‘mdan ortiq zararni undirish choralari ko‘rilmoqda.

Senat yalpi majlisida avvalgi majlislarda ko‘tarilgan muammolar qanday hal etilganiga e’tibor qaratildi.  

Senat Raisi T.Norboyeva daryolar o‘zanlarini tozalash, qirg‘oqlarini mustahkamlash masalalari, qum-shag‘alni betartib qazib olishning ekologik oqibatlari yuzasidan Hukumatga yuborilgan parlament so‘rovida mutasaddilar oldiga qat’iy vazifalar qo‘yilganini qayd etdi. O‘z navbatida, Vazirlar Mahkamasi sohadagi yechimini kutayotgan holatlarga jiddiy e’tibor qaratib, vaziyatni nazoratga oldi va qonun buzilishlariga nisbatan ta’sirchan choralar ko‘rilishi ta’minlandi.  

Misol uchun, bugungi kunda prokuratura organlari tomonidan jami 58 jinoyat ishi bo‘yicha aniqlangan holatlar natijasida tabiatga 60 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazilgani hisoblab chiqilib, ularni undirish choralari ko‘rilmoqda.  

Yana bir masala – ijtimoiy-maishiy qurilish ob’ektlarini foydalanishga qabul qilishda nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari vakillarini davlat qabul komissiyasi tarkibiga kiritishda yuzaga kelgan muammo ko‘tarilgan edi. Qat’iy parlament nazorati doirasida ushbu masala uzil-kesil hal qilinib, qonun ustuvorligi ta’minlandi.  

Xususan, qonun talablariga muvofiq, O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi, uning barcha hududiy bo‘linma vakillariga qurilish ob’ektlarini qabul qilish bo‘yicha maxsus elektron platformadan foydalanish uchun imkoniyat yaratilgan.  

Inklyuzivlik – tenglik va adolatning muhim asosidir. Bu jamiyatning har bir jabhasida bo‘lishi kerak, har bir kishi uchun jamiyat hayotida ishtirok etish uchun imkoniyat yaratish zarur. Bu, ayniqsa, shaharsozlik va transportda muhim ahamiyatga ega: biz har bir inson jismoniy cheklanishlariga qaramay erkin harakatlanishini ta’minlashga intilishimiz kerak.  

Shu maqsadda avvalgi yalpi majlislardan birida aholi murojaatlari asosida senatorlar tomonidan ko‘tarilgan ko‘p qavatli uylardagi liftlar bilan bog‘liq hamda “Uzbekistan airways” AJga qarashli aviakassalardan aviachipta sotib olishdagi ayrim muammoli masalalar ham o‘z yechimini topdi.  

Jumladan, “Uzbekistan airways” AJ tomonidan respublika hududidagi hamda xorijiy agentlarga joriy yil 29 sentyabrdan korporativ tizim orqali aviachipta sotishda yo‘lovchilardan pasportning asl nusxasini talab etish to‘xtatilgan. Qolaversa, fuqarolarning tug‘ilganlik holati qayd qilinganligi haqida QR kod (matrik shtrixli kod) tasviri tushirilgan ma’lumotnomaga ham aviachipta sotish tizimi to‘liq ishga tushirilgan.  

Bundan tashqari Hukumat tomonidan lift uskunalarini sifati, liftlarni foydalanishga qabul qilish jarayonlari nazoratini kuchaytirishga qaratilgan talablar joriy qilindi.  

 

Norgul Abduraimova,

Nosir Haydarov (rasmlar), O‘zA