French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tanzila Norboyeva: Forumning O‘zbekistonda o‘tkazilayotgani islohotlarning amaliy natijalari xalqaro darajada e’tirof etilayotgani natijasi
11:33 / 2024-05-13

Samarqand shahrida davom etayotgan Osiyo xotin-qizlar forumini kirish so‘zi bilan ochgan O‘zbekiston Senati Raisi Tanzila Norboyeva Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning forum ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigi ushbu nufuzli anjumanga katta e’tibor natijasi ekanini qayd etdi.

– Ushbu murojaatda davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida mazkur tashabbusni nega ilgari surgani, undan ko‘zlangan maqsad nima ekanini ifodalab berdi, – dedi T.Norboyeva. – Ushbu forumning O‘zbekistonda o‘tkazilayotgani  mamlakatimizda gender tenglikni ta’minlash hamda xotin-qizlar huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ularning amaliy natijalari xalqaro darajada munosib e’tirof etilayotganiga yorqin misol bo‘la oladi.  

Bugun xotin-qizlarning davlat boshqaruvi, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-akademik va madaniy-gumanitar sohalardagi faol ishtirokini ta’minlash har qachongidanda muhim ahamiyat kasb etmoqda.  

Ayniqsa, jahon miqyosida siyosiy-iqtisodiy beqarorlik holati davom etayotgan, turli nizolar, yangi xatarlar xavfi yuqori bo‘layotgan bir sharoitda mazkur masala dolzarbligi yanada oshmoqda.  

BMT Bosh kotibi Antoniu Gutterish janobi oliylari Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan nutqida xotin-qizlar adolatli va teng huquqli dunyo taraqqiyoti yo‘lida katta yutuqlarga erishayotganini alohida ta’kidladi. Shuning barobarida, ular ko‘plab qiyinchiliklarga ham duch kelayotgani, milliardlab ayollar va qizlar nohaqlik, kamsitishlarga duchor bo‘layotganiga urg‘u berdi.  

Bosh kotib bu borada olib borilayotgan ishlar sur’atini jadallashtirish, xotin-qizlarga, gender tenglikni ta’minlashga faol investitsiyani kiritish, ularni iqtisodiyot, raqamli texnologiyalar, iqlim o‘zgarishi kabi sohalar hamda dunyoda tinchlik o‘rnatish jarayonlariga keng jalb etish zarurligini qayd etdi.  

Shu nuqtai nazardan barqaror rivojlanish bo‘yicha belgilangan 17  maqsad ichida gender tenglikni ta’minlashga ustuvor ahamiyat qaratilishi lozim. Zero, Barqaror rivojlanish maqsadlarining birortasiga gender tenglikni hisobga olmasdan erishib bo‘lmaydi.  

Bugungi kunda Osiyo mintaqasining jahon taraqqiyotida tutgan o‘rni tobora ortib bormoqda. Jumladan dunyo iqtisodiyotida eng katta ulushga ega davlatlar aynan Osiyo mintaqasida joylashgan. Ta’lim, sog‘liqni saqlash, axborot texnologiyalari, iqtisodiyot va boshqa ko‘plab sohalar jadal rivojlanmoqda. Albatta, taraqqiyotning bunday yuksak darajasiga erishishda ayollarning rolini, ularning katta hissasini inkor etib bo‘lmaydi. Shu ma’noda aytish mumkin-ki, Osiyo qit’asi mamlakatlari xotin-qizlar haq-huquqlarini himoya qilish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va gender tenglikni ta’minlash borasida o‘zining boy tajribasiga ega.  

– Shuning uchun ham biz – Osiyo davlatlarining yetakchi xotin-qizlari, mazkur sohadagi mavjud muammo va masalalarni ko‘rib chiqish, bir-birimizdan ijobiy tajribalarni o‘rganish, barchamiz uchun birdek muhim bo‘lgan qarorlarni qabul qilish va do‘stona munosabatlarni o‘rnatish maqsadida bu yerga yig‘ildik. O‘z o‘rnida ta’kidlashim lozim, Osiyo mintaqasida ayollarining o‘zaro tajriba almashish bo‘yicha ijobiy amaliyotimiz mavjud. Jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti bugungi kunda gender tenglikni ta’minlash, ayollar huquq va manfaatlarini himoya qilishga oid mintaqadagi dolzarb muammolarni hal qilishda samarali platforma sifatida xizmat qilmoqda. O‘ylaymanki, ushbu platformaning tajribasi asosida butun Osiyo ayollarini birlashtirimiz zarur, – dedi Senat Raisi.    

 

Norgul Abduraimova,  

Alisher Isroilov (surat),  

O‘zA muxbirlari