Tantanali va’da berishdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 15 noyabrdagi “O‘quvchi yoshlarni chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2025-2026-o‘quv yilidan boshlab, Qoraqalpog‘iston Respublikasining shahar va tumanlaridagi bittadan maktabda, jami 17 ta “Jasorat sinfi” tashkil etilgandi.
Mazkur sinflarning maqsadi o‘quvchilarni harbiy-vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlar ruhida tarbiyalash, ularda harbiy xizmatni ado etishda zarur bo‘ladigan dastlabki harbiy va ijodiy ko‘nikmalarni shakllantirish, oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi uchun maqsadli tayyorlashdan iboratdir.
Shu yilning iyul oyida “Jasorat sinflari” ga 5-sinfda o‘qiyotgan o‘quvchilardan ikki bosqichda (test va jismoniy tayyorgarlik) imtihonlar olinib, 442 nafar o‘quvchi qabul qilingan edi.
Qoraqalpog‘istondagi Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugiga qarashli binoda ana shu o‘quvchilarning va’da berish tadbiri tantanali tarzda o‘tkazildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri