Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tanqidiy-tahliliy maqolalar baʼzi masalalarning yechimiga xizmat qilmoqda
08:04 / 2020-06-27

Namanganda “Repetitor” intellektual-maʼrifiy gazetasi chop etilishini kimdir biladi, kimdir bilmaydi.


Namanganda “Repetitor” intellektual-maʼrifiy gazetasi chop etilishini kimdir biladi, kimdir bilmaydi. Adadi uncha koʻp boʻlmagan bu gazetani koʻpchilik yoshlar qadrlaydi.

Bundan roppa-rosa oʻn besh yil burun, yaʼni 2005-yil 12-aprel kuni mazkur gazetaning nishona soni taniqli ijodkor va ustoz jurnalist Xurshid Doʻstmuhammad oq yoʻli bilan ilk bor oʻquvchilar qoʻliga yetib borgandi.

Dastlabki sonlaridayoq gazeta sahifalarida “Qaysi biri qulay: “sotkami” yoki shpargalka?”, “Talaba boʻlolmagan oʻqituvchi”, “Superkontrakt muammosi” kabi dolzarb mavzudagi maqolalar eʼlon qilindi.

Gazetaning 2005-yil 4-sonida “Toshga oʻyilgan naqshni oʻchirish mashaqqati” nomli tanqidiy maqola bosilganini koʻpchilik yaxshi eslaydi. Maqolada boshlangʻich va yuqori sinf “Ona tili” darsligidagi uzluksizlik muammosi yoritilgandi.

Gazetaning may-iyun oyi sonlarida “Usmon Azimning “Grafika” sheʼri mustaqillik davri adabiyoti namunasimi?”, “Bir sheʼr, ikki sarlavha va tushunarsiz tahrir”, “Texnologiya: nazariya va amaliyot qachon uygʻunlashadi?”, “Lugʻat zarurati va ayricha izohlar muammosi”, “Togʻay Murodning togʻday toqati”, “Xiyobondagi xayollar” nomli maqolalar chop etildiki, bu maqolalarning har birida maktab darsliklaridagi dolzarb muammolar qalamga olingan. Loyiha muallifining “Abdulla Oripov “Tanlangan asarlar”i necha jilddan iborat?”, “Qavs ichidagi sana yoki “Yulduzli tunlar” romani qachon yozilgan?”, “Tagormi yoki Thokur?”, “Maʼlumotlar adabiyot uchun ahamiyatsizmi?”, “Kim haq: hakammi yoki darsliklarga asoslangan kitobxon?” kabi qator maqolalari esa adabiyot ahli uchun ham daxldordir.

“Repetitor” ijodkorlarining tanqidiy-tahliliy mavzulardagi materiallarining baʼzilari OʻzAda ham eʼlon qilinmoqda. Bu, albatta, maqolalarda koʻtarilgan muammolarga mutasaddilarning eʼtiborini qaratib, masalalarning ijobiy yechim topilishiga xizmat qilmoqda.

Sanjarbek HAMIDOV