Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tanqidiy munosabat o‘z yechimini topdi
16:43 / 2019-10-29

Sirdaryo viloyat bolalar shifoxonasining ayrim bo‘limlari yaqin-yaqingacha ta’mirtalab ahvolda edi.


Sirdaryo viloyat bolalar shifoxonasining ayrim bo‘limlari yaqin-yaqingacha ta’mirtalab ahvolda edi. 

1999 yilda maktabgacha ta’lim muassasasi negizida tashkil topgan shifoxona hozirgi vaqtga kelib viloyat miqyosida dolzarb ahamiyatga ega hisoblanadi. Har kuni bu yerga qanchadan-qancha bolalar shifo umidida tashrif buyuradi.

Oliy Majlis Senati a’zosi, O‘zbekiston “Adolat” SDPdan Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Aripjon Qudratov viloyat bolalar shifoxonasidagi mazkur muammo yuzasidan viloyat hokimligiga deputatlik so‘rovi kiritganida zum o‘tmay hokimlik mutasaddilari bolalar shifoxonasini chiroyli ko‘rinishga keltirib qo‘yishdi. Bunda albatta, yuborilgan deputatlik so‘roviga mas’uliyat bilan yondashgan viloyat hokimligining alohida o‘rni bor.

Loyiha qiymati 360 000000 ( uch yuz oltmish million) so‘m bo‘lgan ushbu ta’mirlash ishlariga viloyat hokimligi bosh-qosh bo‘lib, bugungi kunda bolalar shifoxonasining kardiologiya, nevrologiya, pulmanologiya, erta yoshli patologiya va xasta chaqaloqlar bo‘limi ta’mirdan chiqarilib, yangi jihozlar keltirildi.

Xususan, eski karavot va shkaflar yangisiga almashtirildi. Mustahkam va chiroyli ko‘rinishdagi yer usti qoplamalari, ya’ni linoleumlar o‘rnatildi.

Shavkat ISKANDAROV, viloyat bolalar shifoxonasi bosh shifokori:

– Shifoxonamizda chindan ham ta’mirtalab holatlar mavjud edi. O‘z navbatida tibbiy jihozlarga ham ehtiyoj yuqori edi. Bu ishlarni hal etish rejaga kiritilgan edi. Bosqichma-bosqich amalga oshirilib kelinayotgandi. Biroq, deputat tashabbusi bilan bu ishlarning borishi tezlashib, bugungi kunda shifoxonamizning asosiy bo‘limlari ta’mirlandi, yetarli jihozlar bilan ta’minlandi. Bundan, albatta, davolanuvchi bemorlarimiz juda ham xursand.

Nigora TOJIEVA, davolanuvchi bemor bolaning onasi:

– Men qizimni har olti oyda mana shu shifoxonada davolatib turaman. Oldinlari shifoxona bu kabi shinam ko‘rinishdagi, sharoitlari to‘la-to‘kis bo‘lmagan. Bugunga kelib yosh bolalar uchun ham biz ota-onalar uchun ham har tomonlama qulay sharoitlar yaratildi. Zamonaviy ko‘rinishdagi shinam xonalarda davolanib, yaxshi hordiq chiqaryapmiz. Issiq-sovuq suv doimiy chiqib turadi. Biz bundan juda mamnunmiz. Xalqni o‘ylagan “Adolat” partiyasiga rahmat. Shuningdek, homiylik ko‘rsatgan viloyat hokimiyatiga ham alohida tashakkurimizni bildiramiz.

Guvohi bo‘lganingizdek, siyosiy partiya tashabbusi, qolaversa, yuborilgan deputatlik so‘rovlariga befarq bo‘lmagan hokimlik mutasaddilarining yordami tufayli viloyatimiz aholisi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan bolalar shifoxonasi ko‘zni quvnatadigan darajaga yetkazildi. Partiya xalq manfaatlari yo‘lida bundan so‘ng ham og‘ishmay dadil qadam tashlayveradi.

Mehriniso BOBONAZAROVA
O‘zbekiston “Adolat” SDP
Sirdaryo viloyat Kengashi
matbuot kotibi