O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2022 yildan boshlab Xorazm viloyati hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1-4 boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun bepul tushlik berish yo‘lga qo‘yilgan edi.
Prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov raisligida joriy yilning 1 noyabr kuni o‘tkazilgan xalq ta’limi sohasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi maktab o‘quvchilariga bepul tushlik berish bilan bog‘liq muammo ham tanqidiy muhokama qilindi.
– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 25 avgustdagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida joylashgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida sog‘lom ovqatlantirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Kengashining qarori qabul qilinib, mazkur qaror bilan tegishli vazirlik va idoralarga topshiriqlar belgilab berildi, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi bo‘lim boshlig‘i Sulayman Habibov. – 2022-2023 o‘quv yilida 716 ta ta’lim muassasasida 143 ming 577 nafar boshlang‘ich sinf o‘quvchisi keytering tashkilotlari tomonidan bepul oziq-ovqat bilan ta’minlanishi belgilangan. Qoraqalpog‘iston Respublikasida mavjud 716 ta umumta’lim maktablari hududlar kesimida 64 ta lotga joylashtirildi. Umumta’lim maktablarining boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul keytering usulida ovqatlantirish maqsadida keytering tashkilotini tanlab olish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi “Davlat xaridlari to‘g‘risida” gi qonuni talablariga muvofiq xarid qilish tartib-taomillari asosida tanlov o‘tkazish uchun ommaviy axborot vositalari orqali e’lonlar berildi.
Platformaga joylashtirilgan 64 ta lotdan 41 ta lot 11 ta tadbirkorlik sub’ekti tomonidan yutib olinib, shartnomalar rasmiylashtirildi. Hozirda 716 ta umumta’lim maktabidan 481 ta maktabda boshlang‘ich sinf o‘quvchilari bepul ovqat bilan ta’minlanmoqda.
22 ta lotda baholash ishlari tugatilib, bayonnomalar rasmiylashtirilib, 24 oktyabrdan boshlab nonushta tarqatilishi rejalashtirilgan edi. Lekin, O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining taqdimnomasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 20 maydagi qarori bilan tasdiqlangan “Davlat xaridlarini amalga oshirish bilan bog‘liq tartib-taomillarni tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi” gi nizomning buzilishi bo‘yicha o‘tkazilgan 22 ta lot tanlovi ishchi guruh komissiyasi tomonidan bekor qilindi va bundan tashqari, tadbirkorlik sub’ekti tomonidan 1 ta lot bekor qilinib, jami 23 ta lot tanlov(tender)ga qayta joylashtirildi.
Joriy yil 11 noyabr kuni o‘qish boshlanishi bilan barcha maktablarning boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul tayyor oziq-ovqatlar bilan ta’minlash rejalashtirilgan.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri