English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tanqid jarayonida muammo bartaraf etildi
08:29 / 2023-02-10

Tahririyatimizga Qashqadaryo viloyati Qarshi shahar Otchopar mahallasi fuqarolari nomidan murojaat kelib tushdi. Unda ta’kidlanishicha, hududda joylashgan viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining kanalizatsiya quvuridan oqib chiqadigan oqova suvlar mahalla boshlanishidagi ko‘cha bo‘ylab oqiziladi va undan tarqalayotgan badbo‘y hid aholiga noqulaylik tug‘dirmoqda.

Muammoni o‘rganish maqsadida murojaatda ko‘rsatilgan manzilga yetib bordik. Yo‘l-yo‘lakay “Qashqadaryo suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati mas’ullariga ham xabar berdik. Borganimizda ishchilar oqova suv oqizilgan ariqlarni ko‘mayotgan ekan. Haqiqatda yon-atrofni ta’bni xira qiladigan badbo‘y hid qoplagan.  

Dastlab murojaatchilarning fikrini tingladik.  

  – Ikki oydan buyon ahvol shunday. Murojaat qilmagan tashkilot qolmadi, ammo natija yo‘q, – deydi shu yerlik  Rahmat Yomg‘irchiyev. – Bolalar shifoxonasidan chiqayotgan chiqindilarni shu yerga oqizib qo‘yishgan. Aholiga juda noqulaylik tug‘diryapti. Hidiga chidab bo‘lmaydi. Hozir qish uncha bilinmaydi, ammo kunlar isib ketishi bilan hidiga turib bo‘lmaydi. Farzandlarimiz o‘tadi bu yerdan. Mahallaga kirib chiqadigan asosiy yo‘llardan biri sanaladi. Har kuni shu yerdan qatnaymiz. Hech kim murojaatimizni qabul qilmaydi. Mahalla raisi gapimizni eshitmaydi. Kimdir e’tibor qilishi kerakku axir. Yonida mini stadion bor. Bolalar o‘ynolmaydi. Ertalab va tushdan keyin ikki marta oqova suvni shlangda oqizishadi. Ariqlar to‘lib ketadi. Sababini so‘rasak, motor kuygan deyishadi. Shuncha kundan buyon nahotki bir motorni tuzatib bo‘lmasa.  

O‘rganishlarimiz davomida aniqlandiki, oqova suvlar oqizib qo‘yilgan joyda “Qashqadaryo suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli nasos stansiyasi bor. Ushbu stansiya shifoxona kanalizatsiyasidan kelgan oqova suvni markaziy kanalizatsiya quvuriga haydab beradi. Stansiya ishchilarining ta’kidlashicha, oqova suv bor yo‘g‘i ikki-uch kun yerga oqizilgan. Yuzaga kelgan muammo yuzasidan “Qashqadaryo suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati mas’ullaridan izoh so‘radik.  

  – Aholi tomonidan bildirilayotgan e’tiroz haqiqat. Boisi anomal sovuq paytida nasos stansiyamiz ulangan transformator kuyib qoldi, – deydi “Qashqadaryo suv ta’minoti” MCHJ Qarshi shahar filiali bosh mashinisti O‘ktam Omonov. – Shu bois uni tuzatgunimizcha, bir necha kun vaqt o‘tdi. Bu payt oralig‘ida to‘plangan oqova suvni tashqariga oqizishga majbur bo‘ldik. Chunki uni chiqarib tashlamasak, hovuz to‘lib ketadi va nasoslar ham buziladi. Lekin ikki oy deyilgani yolg‘on, 3-4 kun shu holat bo‘ldi. Mana bugun transformatorni tuzatib, muammoni bartaraf etdik. Endi tashqariga chiqmaydi.  

– Xo‘sh, transformator kuygan ekan, oqova suvni yerga oqizmasdan maxsus texnikalarda so‘rib olib ketishni imkoni yo‘qmidi, so‘raymiz mas’uldan.  

– Yo‘q hovuz 10 metr chuqurlikda joylashgani bois, uni texnikada so‘rib olishni imkoni bo‘lmadi. Hozir hammasi joyiga tushdi, muammo yo‘q.  

  Aholi vakillari ikki oydan buyon ahvol shu deydi. Mas’ullar esa 3-4 kun bo‘ldi, deyishmoqda. Mayli, u yog‘i bizga qorong‘i, ammo muammoning borligi rost. Stansiya atrofidagi chidab bo‘lmas badbo‘y hid, ariq va botqoqqa aylanayozgan yer maydonining holati bunga guvohlik berib turibdi. Eng yomoni muammoning oldi olinmasa, bir kun kelib u yerdagi antisanitariya holatidan yuzaga keladigan epidemiya inson sog‘ligi uchun xavf tug‘dirishi tayin. Lekin muhimi muammoning yechilishi. Mas’ullar baraka topishsin biz borgan zahotiyoq nasoslar va transformatorning sozlanganini aytishdi. Ishonmasdan tekshirib ko‘rdik. Hammasi joyida, ishlayapti. Tashqariga suv chiqmadi. Yo mas’ullar juda tez ishlashdi, yo biz kech bordik. Ochig‘i, muammo bu qadar tez yechilganidan biz ham, murojaatchilar ham hayratda qoldik. Nima bo‘lganda ham muammoga yechim topildi. Muhimi shu.  

  O‘ylaymizki, kanalizatsiya suvlari endi tashqariga chiqmaydi. Har holda mas’ullar shunga va’da berdi.  

 

O‘lmas Barotov,  

O‘zA.