Sirdaryo viloyatining Guliston shahridagi 8 - umumta’lim maktabida umumta’lim maktablarining 9–11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Huquqiy-ma’rifiy bilimdon” respublika tanlovining viloyat bosqichi yuqori saviyada tashkil etildi.
Bu bosqichda tuman va shaharlardagi saralash natijasida saralab olingan 11 ta eng faol jamoa ishtirok etdi. Ular huquqiy bilimlar bo‘yicha mulohazali savol-javoblar, qonunchilikka oid test sinovlari, shuningdek, hayotiy vaziyatlarga asoslangan sahna ko‘rinishlari orqali o‘zining bilim, iqtidor va sahna mahoratlarini namoyish etishdi.

Qizg‘in va bahsli bahslar ruhida o‘tgan bellashuv yakuniga ko‘ra, Shirin shahar 1-umumta’lim maktabining “Qalqon” jamoasi mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Sayxunobod tumani 4-umumta’lim maktabining “Adolat” jamoasi ikkinchi , Mirzaobod tumani 33-umumta’lim maktabining “Qomus” jamoasi esa uchinchi o‘rinni egalladi.
Tanlov yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish, ularda qonunlarga hurmat, mustaqil fikrlash, puxta tahlil qilish, ijodiy yondashuv va jamoa bilan ishlash ko‘nikmalarini shakllantirishga alohida xizmat qiladi. Ayniqsa, sahnaviy chiqishlarda o‘quvchilar tomonidan qonunbuzarlik holatlari, ularning oqibatlari va milliy qonunchilik normalariga oid mavzularning yoritilishi ishtirokchilarning tayyorgarlik darajasi yuqoriligini ko‘rsatdi.

G‘olib va faol jamoalar Sirdaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan diplomlar, esdalik sovg‘alari hamda maxsus sertifikatlar bilan taqdirlandi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri