Sirdaryo viloyatining Guliston tumanidagi 13-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabida Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti uchun tanlovning tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tanlovda 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan iste’dodli, zukko va tashabbuskor 33 nafar yosh qiz adabiyot, san’at (tasviriy, amaliy, bezak va dizayn yo‘nalishlari), madaniyat, ta’lim, fan, sport hamda jamoatchilik faoliyati kabi yo‘nalishlarda o‘z iqtidor va salohiyatlarini namoyon etishdi.

Qatnashchilarning ijodiy ishlari va loyihalari tanlov nizomi talablariga muvofiq baholandi. Har bir yo‘nalishda ishtirokchilarning ijodiy yondashuvi, bilim va mahorat darajasi, jamoat ishlaridagi faolligi inobatga olindi.

Tanlov davomida yoshlar tomonidan she’riyat va musiqa yo‘nalishidagi chiqishlar, rassomchilik va amaliy bezak san’atiga oid ishlanmalar, sportdagi yutuqlar hamda ta’lim sohasidagi innovatsion g‘oyalar namoyish etildi.

Natijada o‘z sohasida alohida faollik va iqtidor ko‘rsatgan ishtirokchilar tanlovning viloyat bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritishdi.
Tadbir yakunida Guliston tumani hokimining o‘rinbosari Matluba Xudoyberdiyeva g‘olib va faol ishtirokchilarni tabriklab, ularga tuman hokimining faxriy yorliqlari hamda esdalik sovg‘alarini topshirdi.

– Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti — bu nafaqat iqtidorli qizlar uchun katta sharaf, balki ularni yangi marralarga ilhomlantiradigan mas’uliyat hamdir, – dedi Matluba Xudoyberdiyeva. – Bu tanlov orqali yosh avlodning ijod, ilm, sport va jamoat ishlariga bo‘lgan qiziqishlari yanada ortayotganini kuzatish mumkin.

Tadbir yakunida ishtirokchilar uchun konsert dasturi tashkil etildi. Yosh ijodkorlar ona Vatan, yoshlik va baxt haqidagi qo‘shiqlar va she’rlar bilan chiqish qilib, bayramona ruhdagi tadbirga o‘zgacha mazmun bag‘ishlashdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri