Yoshlar orasida ekologik huquqiy bilim va madaniyatni oshirish, Konstitutsiya hamda ekologik qonunlarning mohiyatini chuqur anglash, qonun ustuvorligini ta’minlash va tabiatni muhofaza qilishda faollikni rag‘batlantirish maqsadida respublika miqyosida uchinchi bor o‘tkazilayotgan “Siz ekologiyaga oid qonunni bilasizmi?” ko‘rik-tanlovining Sirdaryo viloyat bosqichi jadal va yuqori tayyorgarlik asosida bo‘lib o‘tdi.

Guliston shahridagi qurilish texnikumi binosida tashkil etilgan ushbu tadbirda Sirdaryo viloyati kasbiy ta’lim boshqarmasi tasarrufidagi kasbiy ta’lim muassasalarining o‘quvchi yoshlaridan tarkib topgan 6 ta jamoa ishtirok etdi. Ular tuman va shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritishib, viloyat bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritishgan edi. Tanlovda ishtirokchilar to‘rtta asosiy shart bo‘yicha bellashdilar.
“Bu bizning hudud” sharti bo‘yicha jamoalar o‘z hududining ekologik holati va uni yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida axborot bergan bo‘lsa, “Intellektual ring” shartida ekologik, ijtimoiy va huquqiy savollarga aniq va qisqa javoblar berishdi.

“Ekologiya uchun barchamiz mas’ulmiz!” shartida ishtirokchilar ekologik faolligini, tashabbus va ijtimoiy loyihalarini namoyon etgan bo‘lsa, “Eng yaxshi ekologik loyiha” shartida o‘quvchi yoshlar o‘zlarining Innovatsion taklif va amaliy ishlanmalarini namoyish qilishdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-o‘rin va respublika bosqichida ishtirok etish huquqini Oqoltin tuman 1-son texnikumining “Tabiat posbonlari” jamoasi qo‘lga kiritdi. 2-o‘rinni Boyovut tumanidagi 2-son texnikumining “Ekoposbonlar” jamoasi, 3-o‘rinni esa Shirin energetika texnikumining “Yosh nihol” jamoasi egallashga muvafffaq bo‘ldi.

Tanlov yakunida g‘olib va sovrindor jamoalar Sirdaryo viloyat Ekologiya va iqlim o‘zgarishlari boshqarmasi tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri