Buxoroda Maktabgacha va maktab ta’limi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 9-11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkaziladigan “Huquqiy-ma’rifiy bilimdon” respublika ijodiy ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi boshlandi.
Tanlovning tantanali ochilish marosimida viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Hamza Elliyev, shuningdek, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mas’ullari ishtirok etib, barcha ishtirokchilarga omad tiladi.


Tanlovning asosiy maqsadi yoshlar ongiga huquq va burch, halollik, odob-axloq, vatanparvarlik, davlat ramzlariga hurmat, huquqiy madaniyat va ijtimoiy-siyosiy faollik tamoyillarini singdirishdir. Mazkur ko‘rik-tanlov yoshlarning fikrlash doirasini kengaytirish, ularni mustaqil qaror qabul qilishga o‘rgatish, ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarish va huquqiy bilimlarini mustahkamlashga xizmat qiladi.


Tanlovda viloyat bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoalar ishtirok etib, savol-javob, test va sahna ko‘rinishi shartlari asosida o‘zaro kuch sinashdi.
Birinchi shart doirasida jamoalar test savollariga javob berib, o‘zlarining umumiy huquqiy bilimlarini namoyish etdi. Ikkinchi shartda ishtirokchilar huquqiy bilimdonlik bo‘yicha bellashdi. Ushbu bosqichda jamoalarga konvertlarda muhrlangan uchta savol taqdim etildi. Ishtirokchilarga tayyorgarlik ko‘rish uchun 5 daqiqa, javob berish uchun esa 2 daqiqa vaqt berildi. Mazkur shart jami 30 ball bilan baholandi.
Tanlov jarayonlari yuqori saviyada, shaffoflik va xolislik tamoyillari asosida tashkil etilgan bo‘lib, ishtirokchilarning huquqiy bilimlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.