Markaziy bank Navoiy viloyati bosh boshqarmasida “Moliyaviy savodxonlik bo‘yicha eng yaxshi o‘qituvchi” tanlovi g‘oliblari va volontyor yoshlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Dastlab unda so‘zga chiqqanlar aholining, ayniqsa, yoshlarning moliyaviy savodxonligini oshirish ularning bu boradagi bilimlarini yuksaltirish barobarida, iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashda ham muhim o‘rin tutishini ta’kidlab o‘tdi.
Ushbu tanlov g‘oliblari O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2025 yil 13 martdagi “Umumjahon pul haftaligi (Global Money Wyeyek)ni o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishi asosida o‘zining pedagogik qobiliyatini namoyon qilgan, o‘quv mashg‘ulotlarini samarali hamda muzokaralarga boy tarzda qiziqarli o‘tkazib, o‘quvchilarning iqtisodiy va huquqiy bilimlarini oshirishda faollik ko‘rsatayotgan o‘qituvchilar orasidan tanlab olindi.
So‘nggi yillarda bank xodimlari tomonidan moliyaviy savodxonlik bo‘yicha hududlarda o‘tkazilib kelinayotgan seminar-treninglar o‘zining amaliy natijalarini bermoqda. Navoiy viloyatida ham ushbu tadbirlar yuqori darajada o‘tkazilib, ularda bir guruh yoshlar faol ishtirok etdi.
Ta’kidlash kerakki, joriy yilning aprel oyida Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti talabalari uchun moliyaviy savodxonlik bo‘yicha seminar-treninglar tashkil etildi.
Ushbu treninglar uchun noiqtisodiy yo‘nalishda ta’lim olib kelayotgan 10 nafar volontyor-talabalar Markaziy bank boshqaruvi tomonidan moliyaviy savodxonlik bo‘yicha multiplikator-trenerlar sifatida tayyorlandi.
Ushbu ko‘ngilli volontyorlar tomonidan noiqtisodiy ta’lim yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarida saboq olayotgan talabalarga “Ertangi moliyaviy imkoniyatlaringiz bugungi qarorlaringizdan boshlanadi”, “Bank depozitlaridan qanday qilib samarali foydalanish mumkin?”, “Moliyaviy farovonlik sari”, “Moliyaviy ommaboplik” va “Moliyaviy xatarlar, raqamli moliyaviy firibgarlik” mavzularida seminar-treninglar o‘tkazilgan edi.
Seminar-treninglarda viloyatimizdagi oliy ta’lim muassasalari talabalariga volontyor-talabalar tomonidan shaxsiy byudjetni yuritish, moliyaviy rejalashtirish va mablag‘ni tejash usullari, bank xizmatlari, kredit va omonatlarning turlari, shuningdek, moliyaviy xavfsizlik va firibgarlikdan himoyalanish bo‘yicha ham muhim ma’lumotlar yetkazildi.
Tanlovda Navoiy shahridagi 22-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi Nigora Jo‘rayeva 2-o‘rinni va Navoiy shahridagi 5-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi Mashhura Pardayeva 3-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 1-o‘rinni Navoiy shahridagi 21-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi Sitora Qurbonova qo‘lga kiritdi va tanlovning respublika bosqichida ishtirok etadigan bo‘ldi.
– Mazkur tanlovning asosiy maqsadi maktab o‘qituvchilari orasida moliyaviy savodxonlikni oshirish, o‘qituvchilarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish va kreativ metodikalarni joriy etishdan iboratdir, – deydi tanlov g‘olibi Sitora Qurbonova. – Qolaversa, bu tanlov orqali moliyaviy ta’limni takomillashtirish, kelgusida interaktiv metodlardan foydalanishni kengaytirish rejalashtirilgan.
[gallery-23646]
Tadbir yakunida “Moliyaviy savodxonlik bo‘yicha eng yaxshi o‘qituvchi” tanlovi g‘oliblari hamda seminar-treninglarda multiplikator-trenerlar sifatida qatnashgan volontyor-talabalar va ambassador trener o‘qituvchilarga Markaziy bank Navoiy viloyati bosh boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining sertifikatlari, shuningdek, “Agrobank” ATB tomonidan logotiplari tushirilgan kobeydjing kartalari orqali pul mukofotlari hamda AT “Aloqabank” Navoiy hududiy kompleks xizmat ko‘rsatish markazining esdalik sovg‘alari topshirildi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari