O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Ko‘rgazmalar saroyida “Qoraqalpog‘iston: kecha va bugun” nomli fotoko‘rgazma va shu mavzudagi fototanlov g‘oliblarini taqdirlash tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligi, respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qoraqalpog‘iston bo‘limi hamda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi hamkorligida tashkil etildi.
Fototanlovning asosiy maqsadi Qoraqalpog‘istonda amalga oshirilayotgan islohotlarni, infratuzilmaviy o‘zgarishlarni, yoshlar tashabbuslarini va mamlakatning yangi qiyofasini foto suratlar orqali jamoatchilikka yetkazish, shuningdek, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash va fotografiya san’atiga bo‘lgan qiziqishni oshirishdir.
[gallery-27649]
Tanlovda 10 nafar fotograf ishtirok etib, ularning ishlari professional hakamlar tomonidan baholandi. Natijada eng yaxshi deb topilgan suratlar ko‘rgazmaga taqdim etildi. Mazkur ko‘rgazmada ishlari yuqori baholangan 5 nafar muallifning 80 dan ortiq fotosurati o‘rin oldi.
Tanlov yakunlari bo‘yicha birinchi o‘rinni O‘zbekiston Milliy Axborot agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha fotomuxbiri Maqsad Habibullayev, ikkinchi o‘rinni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Matbuot xizmati rahbari Islom Matekov, uchinchi o‘rinni Amudaryo tumani “Taraqqiyot ko‘zgusi” gazetasi fotomuxbiri Mahmud Shamuratov egalladi. G‘oliblar, shuningdek, faolligi bilan ko‘zga tashlangan havaskor suratkashlar tashkilotchilar tomonidan sertifikat hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
– Mazkur fotoko‘rgazma mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni, so‘nggi o‘zgarishlarni, yoshlar faolligini va infratuzilmaviy rivojlanishni fotosurat san’ati orqali keng jamoatchilikka yetkazishni maqsad qilgan. Bunday fotoko‘rgazmaning ilk bor o‘tkazilishi hududda fotografiya san’ati rivojiga yangi yo‘nalish bergan muhim tadbir bo‘ldi. Bugungi kunda yurtimizda professional fotorassomlar sanoqli. Shunga qaramay, ushbu ko‘rgazma suratkashlar va havaskor mualliflarni bir joyga to‘plab, ularning o‘zaro tajriba almashishi orqali yangi mualliflarni aniqlashga katta imkoniyat yaratdi – deydi O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi matbuot kotibi Muslima Mambetniyazova.
Bunday tadbirlarning o‘tkazilishi aholining, ayniqsa, yoshlarning fotografiya san’atiga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishga, yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlashga va Orolbo‘yining bugungi qiyofasini keng jamoatchilikka tanitishga xizmat qiladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/jZwV-dLUPxM" title="Tanlov g`oliblari taqdirlandi " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.