Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tanlov g‘oliblari munosib taqdirlandi
11:54 / 2022-12-24

Andijonda "Vatan taraqqiyotiga mening hissam" respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Andijon viloyati bo‘limi, viloyat madaniyat boshqarmasi, Yozuvchilar, "Badiiy ijodkorlar", "Hunarmand" uyushmalari viloyat bo‘limlari hamkorligida o‘tkazilgan tanlov ochilishida mamlakatimizda iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning o‘z iqtidor va ijodiy salohiyatlarini to‘laqonli yuzaga chiqarishlari uchun keng imkoniyatlar yaratib berilayotganligi ta’kidlandi.  

– Tanlovning asosiy maqsadi, ilm-fan, san’at, madaniyat, axborot texnologiyalari, badiiy ijod, arxitektura va dizayn, tadbirkorlik va hunarmandchilik sohalarida faoliyat yuritayotgan iqtidorli, tashabbuskor va fidoyi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishdan iborat, – deydi Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Zilola Toshtemirova. – Qolaversa, ana shu iqtidorli yoshlarning faoliyati, erishgan yutuqlari orqali yurtimiz barcha yoshlarining faolligini oshirish ko‘zda tutilgan.  

[gallery-10063]

Tanlovning tuman va shahar bosqichlarida 15 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 1 ming 140 nafar iqtidorli yoshlar ishtirok etdi. Ular orasidan g‘olib deb topilgan 48 nafar ishtirokchi  viloyat bosqichida "Milliy maqom va milliy estrada", "Tasviriy va amaliy san’at", "Adabiyot va publitsistika" yo‘nalishlarida o‘z imkoniyatini yana bir bor sinovdan o‘tkazdi.  

Tanlovning yakuniy natijalarga ko‘ra, "Milliy maqom va milliy estrada" yo‘nalishida  Bekmurod G‘ofurjonov, "Tasviriy va amaliy san’at" yo‘nalishida Ruhshona Adhamova, "Adabiyot va publitsistika" yo‘nalishida Oybarchin Qo‘shoqova g‘olib, deb topildi.  

Barcha yo‘nalishlar bo‘yicha tanlovning g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.  

F. UBAYDULLAEV,

Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA