Andijonda “O‘zbekiston – kitobxonlar yurti” shiori ostida o‘tkazilgan V respublika “Kitobxonlik haftaligi” doirasida “Men sevgan asar” mavzusidagi insholar hamda “Kitobxonlikni targ‘ib etuvchi eng yaxshi rolik” tanlovlari g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi viloyati boshqarmasi hamda Z.M.Bobur nomli viloyat axborot-kutubxona markazi hamkorligida o‘tkazilgan tanlovda umumta’lim va ixtisoslashtirilgan maktablar o‘quvchilari, faol yosh kitobxonlar ishtirok edi.
Tadbirda so‘z olgan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi raisi Maxpuraxon Artiqova “Kitobxonlik haftaligi” xususan o‘tkazilgan tanlovlarning maqsadi, ahamiyati haqida gapirdi. Viloyat axborot-kutubxona markazi direktori G.Ismailova har ikkala tanlovda oldindan e’lon qilingan nizom talablari asosida 500 ga yaqin yoshlar o‘zlarining insho va roliklari bilan qatnashganligini aytib o‘tdi.
Taqdim etilgan ijodiy ishlar nufuzli hakamlar hay’ati tomonidan saralanib, eng yaxshilari g‘olib deb topildi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, “Men sevgan asar” mavzusidagi insholar tanlovida Muhammad Yusuf nomli ijod maktabi o‘quvchilari Samira Erkinova, Mushtariy Tohirova, Xadicha Ma’mirova, “Kitobxonlikni targ‘ib etuvchi eng yaxshi rolik” mavzusidagi roliklar tanlovida esa faol kitobxonlar – Mukarram Ma’rufova, Xursanoy G‘afurova, Sabrina Abdumalikova g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
[gallery-23045]
G‘oliblar O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Andijon viloyat bo‘limining faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Tadbirda Andijon viloyati musiqali drama teatrining xushovoz xonandalarining musiqiy chiqishlari ishtirokchilarga bayramona kayfiyat ulashdi.
F.Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari