Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tanlov g‘olibi Turkiyaga sayohatga boradi
15:43 / 2023-04-27

Andijon viloyati hokimligi tashabbusi bilan viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, Marhamat tumani hokimligi tomonidan O‘zbekiston Xalq shoiri Muhammad Yusuf tavalludining 69 yilligiga bag‘ishlanib, “Muhammad Yusufga o‘xshash chehralar” deb nomlangan tanlov o‘tkazildi.

O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf bugun oramizda yo‘q bo‘lsa-da, uning nomi, ijodini targ‘ib etish, asarlarining mazmun-mohiyati, jozibasini hamyurtlarimiz qalbiga jo etish barobarida o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, tanlovlar shoir asarlarining yangi-yangi qirralarini ochmoqda, uning ijodi bilimdonlarini kashf etmoqda. Shoir she’rlarini ifodali va chiroyli o‘qish, uning o‘ziga xos jihatlarini ko‘rsata olish bo‘yicha yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan videoroliklar tanlovi ham ana shunday tanlovlardan biri bo‘ldi.  

Tanlovda nafaqat Andijon, balki qo‘shni Farg‘ona, Namangan va respublikamizning boshqa viloyatlarida yashovchi ijodkor yoshlar, o‘quvchilar tomonidan 6 mingga yaqin videoroliklar taqdim etildi. Onlayn ovoz berish orqali ularning eng yaxshilari saralab olindi. Tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, 1- o‘ringa sazovor bo‘lgan Oltinko‘l tumanidagi 2- umumta’lim maktabi o‘quvchisi X. Hakimov tanlov tashkilotchilari tomonidan Turkiya davlatiga sayohat yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.  

Tanlovda ikkinchi o‘rin Baliqchi tumanidagi 3-umumta’lim maktabi o‘quvchisi M.Abduvaliyevga, uchinchi o‘rin esa Andijon tumanidagi 33-umumta’lim maktabi o‘quvchisi I.Kozimjonovga nasib etdi. Ijodkor yoshlar, kitobxonlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirokida Marhamat tumanidagi “Kelajak nuri” kutubxonasida tanlov g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda so‘z olgan Andijon viloyati hokimligi kotibiyat mudiri Elyorbek Xolmirzayev, Marhamat tumani hokimi Boburjon Yuldashev, viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Rasuljon Karimov tanlov g‘oliblarini muborakbod etdi. Shoir ijodi yoshlarni hamisha ezgulikka, ilm olishga, Vatanni ardoqlashga ilhomlantirishi ta’kidlandi.  

[gallery-11605]

F. Ubaydullayev,  

Z. Umrzoqov (surat), O‘zA