French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tanlov g‘olibi ota-onasi bilan Dubayga sayohatga boradi
09:58 / 2022-01-29

Andijon viloyati Marhamat tumanida “Zukko kitobxon” tanlovining yakuniy - viloyat bosqichi o‘tkazildi.

Marhamat tumani hokimi Boburjon Yuldashevning tashabbusi bilan yoshlarning kitob o‘qishga qiziqishini oshirish, kitobxonlik va mutolaa madaniyatini yuksaltirish, ularning intellektual salohiyatini yuksaltirish maqsadida o‘tgan yilning sentyabr oyida “Zukko kitobxon” tanlovi e’lon qilingan edi.

Marhamat tumanidagi “Kelajak nuri” xalq kutubxonasida tanlovning viloyat  bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda tanlovning tuman va shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan zukko yosh kitobxonlar “O‘zbek adabiyoti bilimdoni”, “Jahon adabiyoti bilimdoni” hamda “Zukko kitobxon” shartlari bo‘yicha savol-javoblar asosida g‘oliblik uchun o‘zaro bahs olib bordi.

Ochiq-oshkora, shaffoflik asosida o‘tkazilgan tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, Marhamat tumanidagi 7- umumta’lim maktabining        10- sinf o‘quvchisi Soliha G‘ulomjonova birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. G‘olibga diplom va ota-onasi bilan Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahriga sayohatga borish uchun yo‘llanma topshirildi.

Tanlovda ikkinchi o‘rin paxtaobodlik, Andijon davlat universiteti tadqiqotchisi Ma’mura Madaminovaga, uchinchi o‘rin esa Bo‘ston tumani vakili Marjona Akramjonovaga nasib etdi.

Ikkinchi o‘rin sohibasi ota-onasi bilan Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlariga sayohat yo‘llanmasi, uchinchi o‘rin sohibasi qimmatbaho sovg‘a bilan taqdirlandi. Tanlovning viloyat bosqichi barcha qatnashchilari Marhamat tumani hokimining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan mukofotlandi.

Mazkur tanlov andijonlik yoshlarni yanada ko‘p kitob o‘qib, o‘z bilimlari va ma’naviyatini yanada yuksaltirishga xizmat qildi.

F. UBAYDULLAEV,
Z.UMRZOQOV (surat),
O‘zA