“Tank biatloni”ga qurʼa tashlandi
Xalqaro armiya oʻyinlariga start berilishiga ham sanoqli kunlar qoldi.
ArMI – 2020
Xalqaro armiya oʻyinlariga start berilishiga ham sanoqli kunlar qoldi. Ishtirokchilarning tayyorgarlik masʼuliyati esa rosmana musobaqadan qolishmaydi. Mashgʻulotlardagi har bir toblanish, sinchkovlik gʻalabaga yetaklovchi omil boʻlishi mumkin.
Koronavirus insoniyatni zabtiga olgan boʻlishiga qaramay xalqaro armiya oʻyinlari dunyoning 5 ta davlatida (Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Oʻzbekiston, Armaniston, Ozarbayjon) boʻlib oʻtadi.
Oʻyinlarning xolisona va adolatli baholanishi uchun har bir davlat vakilidan iborat hakamlar hayʼati tuzilgan. Ular orasida yurtimizdan vakil sifatida polkovnik Shokir Xairov qatnashmoqda. Alabino poligonida tashkil etilgan “Tank biatloni” hakamlari yigʻilishida baholash ishlarini odillik va xolislik bilan olib borish lozimligi alohida taʼkidlandi.
18-avgust kuni “Tank biatloni” musobaqasi uchun qurʼa tashlash marosimi boʻlib oʻtdi. Eslatib oʻtish joizki, “Tank biatloni” musobaqasi ikki guruhda oʻtkazilmoqda. Birinchi guruhda musobaqada bir necha yillardan buyon ishtirok etib kelayotgan jamoalar oʻrin olgan boʻlsa, ikkinchi guruhdan ilk marotaba qatnashayotgan davlatlar harbiy xizmatchilari joy olgan.
Qurʼa tashlash natijalariga koʻra, birinchi guruhda qatnashayotgan oʻzbekistonlik harbiylar ishtirokidagi bahslar 25, 27, 30-avgust kunlari boʻlib oʻtadi. Ular koʻk rangli tankda gʻoliblik uchun kurash olib boradi.
Oʻsha kunning oʻzida jamoalar musobaqa davomida harakatlanishi uchun jangovar texnikalarni qabul qilib oldilar.
Musobaqaga kelgan yurtdoshlarimizning har biri oʻz sohasining ustasi. Koʻplab shogirdlar tayyorlaganlari bor. Xalqaro musobaqaga esa 32 ta davlatdan sara mutaxassislar yigʻilgan. Natijani vaqt koʻrsatadi. Nima boʻlganda ham tajriba almashinilishi, bilim va koʻnikmalar oshishi bor gap.
“Vatanparvar” gazetasi muxbiri,
katta leytenant Aziz NORQULOV
OʻzA uchun maxsus tayyorladi.
(Moskva viloyati, Alabino poligoni)