Navoiy shahridagi Yoshlar markazida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi tomonidan “Tanishtiruv haftaligi” doirasida matbuot anjumani tashkil etildi.
Ta’kidlanganidek, haftalikni o‘tkazishdan asosiy maqsad oliy ta’lim muassasalariga qabul qilingan 1-bosqich talabalarining tezroq o‘quv jarayoniga moslashishiga ko‘mak berish, talabalarni oliy ta’lim muassasasi hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan tashkil etilgan loyihalar, tanlovlar, yaratilgan imtiyozlar bilan tanishtirishdir.
Joriy o‘quv yilidan boshlab barcha oliy ta’lim muassasalarining 1-kurs talabalari uchun o‘quv jarayoni kredit-modul tizimi orqali tashkil etiladi. Tanishtiruv haftaligida talabalarga kredit-modul tizimining mazmun-mohiyati, o‘quv jarayoniga tatbiq etilish tartibi, OTMning ichki tartib-qoidalari va shu kabi zarur axborotlar to‘g‘risida ma’lumotlar beriladi.
[gallery-19231]
Bugungi kunda viloyatda 4 ta – 2 ta davlat va 2 ta xususiy oliy ta’lim muassasasi mavjud bo‘lib, ularning barchasida O‘zbekiston yoshlar ittifoqining boshlang‘ich tashkilot yetakchilari ish olib bormoqda.
Matbuot anjumanida “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz” shiori ostida “Lyeadyer month” loyihasi doirasida O‘zbekiston yoshlar ittifoqining oliy ta’lim muassasalaridagi boshlang‘ich tashkilotlarining 2024-2025 o‘quv yiliga mo‘ljallangan ish rejalari hamda 8 oy davomida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Anjuman so‘nggida OAV vakillari va jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari