Yangiyo‘l tumani Sho‘ralisoy mahallasidagi 53-maktabda O‘zbekiston xalq shoiri Rauf Parfining 80 yillik yubileyi munosabati bilan tadbir o‘tkazildi. Unda tuman hokimi Odiljon Ataullayev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, viloyat ijodkorlari, adibning oila a’zolari, ziyolilar va yoshlar qatnashdi.
Dastlab shoirning qabri poyiga gullar qo‘yildi. Shundan so‘ng u ta’lim olgan muassasada davra suhbati tashkil etildi. Tadbirni tuman hokimi O.Ataullayev ochib berdi. Tadbirda ishtirok etganlar, yaqinlari, kursdoshlari shoirning ijodi haqida so‘z yuritdi. Qayd etilganidek, O‘zbekiston xalq shoiri Rauf Parfi o‘zbek she’riyati rivojiga katta hissa qo‘shgan. Ijodini esa 60 yillardan boshlagan. “Karvon yo‘li”. “Aks-sado”, “Tasvir”, “Xotirot”, “Ko‘zlar”, “Qaytish”, “Sabr daraxti”, “Sukunat”, “Tavba”, “So‘nggi vido” kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan. Shoir faoliyati davomida Bayronning “Manfred”, Nozim Hikmatning “Inson manzaralari”, Karlo Kaladzening “Dengiz xayoli” kabi asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
[gallery-13737]
– Bu kabi uchrashuvlar yoshlarni adabiyotga yaqinlashtiradi. Shoirning ijodini o‘rganishga zamin tayyorlaydi, – deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira Zulfiya Mo‘minova. – Endi bu ijodkor ham ikkinchi hayotini yashayapti, deb o‘ylayman. Muxlislar shoirning 80 yilligini juda ko‘tarinki kayfiyatda kutib olyapti. Ular orasida viloyat yoshlarining ko‘pligidan xursandman. Tadbirda maktab o‘quvchilari R.Parfining she’rlaridan o‘qib berdi.
A.Musayev, D.Ernazarov,(surat), O‘zA muxbirlari.