Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Taniqli shaxmatchini xotirlab
18:50 / 2025-12-01

Sirdaryo viloyati Yoshlar markazida o‘z davrining taniqli shaxmatchisi, FIDE ustasi, xalqaro toifadagi murabbiy, “Shuhrat” medali sohibi, O‘zbekiston yoshlar terma jamoasining sobiq murabbiysi va Boyovut tumanining faxri Mamatqul Xaylayev xotirasiga bag‘ishlangan shaxmat musobaqasi o‘tkazildi.

Tadbirning ochilish marosimida shaxmat faxriylari G‘ofurjon Mirzayev, Karimberdi Jumuqov, Barot Xaylayev, Guliston davlat pedagogika instituti katta o‘qituvchisi Umid Xoliqov, Yoshlar ishlari boshqarmasi bosh mutaxassisi Bekzod Xolboyev hamda Sirdaryo viloyati shaxmat federatsiyasi ijrochi direktori Samandar Jumayevlar ishtirok etishdi. Ular marhum murabbiyning ibratli hayoti, yoshlarni shaxmatga keng jalb etishdagi xizmatlari va viloyatda intellektual sport turlariga ko‘rsatilayotgan e’tibor haqida fikr bildirishdi.

Xotira musobaqasi ramziy ravishda Mamatqul Xaylayevning nabiralari — Mahmudbek Mamatqulov va Kamola Mamatqulova tomonidan birinchi dona surilishi bilan boshlandi.

Musobaqa katta qiziqish va yuqori raqobat ruhida o‘tdi. Saralash bosqichlari 28 noyabr kuni viloyatning barcha tuman va shaharlarida olimpiya tizimi asosida tashkil etildi. Bunda barcha yosh toifalari bo‘yicha havaskor shaxmatchilar ishtirok etishdi. Saralashda g‘olib chiqqan har bir tuman va shahardan 5 nafar yigit va 5 nafar qiz viloyat bosqichiga yo‘l oldi. Professional shaxmatchilar esa bevosita viloyat bosqichida bellashdilar.

Yakuniy natijalarga ko‘ra,  professional erkak shaxmatchilar o‘rtasida  Anvar Xaylayev,  professional ayol shaxmatchilar o‘rtasida  Iroda Jumayeva, havaskor erkak shaxmatchilar o‘rtasida Umid Aliqulov, havaskor ayol shaxmatchilar o‘rtasida esa  Dildora Rustamova 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

G‘oliblarga diplomlar, qimmatbaho pul yutuqlari va maxsus vaucherlar tantanali ravishda topshirildi. Musobaqaning eng yosh ishtirokchisi — 5 yoshli Otajon Ulug‘bekovga ham esdalik sovg‘asi berildi.

Tadbir doirasida Guliston davlat pedagogika instituti katta o‘qituvchisi Umid Xoliqov Yoshlar ishlari boshqarmasi kutubxonasiga “Shaxmatni o‘qitish nazariyasi va amaliyoti” nomli kitobini taqdim etdi.

Yuksak ruhda o‘tgan ushbu xotira musobaqasi mamlakatimizda intellektual sport turlarini qo‘llab-quvvatlash va yoshlarni shaxmatga qiziqtirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarning yana bir yaqqol dalili bo‘ldi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri