Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi tashabbusi bilan Nukus garnizonidagi Ma’naviyat va ma’rifat markazida kulgi ustasi, xalqimizning taniqli san’atkori Valijon Shamshiyevning “Yangisidan bor” nomli konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.
Inson qalbiga quvonch ulashish, hayot tashvishlaridan bir lahza bo‘lsa- da chalg‘itish, tabassum orqali ruhiy yengillik baxsh etish - san’atning eng oliy vazifalaridan biridir.
Mazkur konsert kechasi harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari uchun chinakam bayramga aylandi. Konsert dasturiga yig‘ilgan tomoshabinlar yuzidagi quvonch, ko‘zlaridagi intiqlik va kayfiyat tinchligimiz shukronasini namoyon etdi.

Konsert dasturi boshidan oxirigacha jonli, quvnoq va mazmunli, o‘tkir hajviy chiqishlari, hayotdan olgan obrazlari va xalqona iboralari, harbiylar hayoti, oilaviy munosabatlar, kundalik turmushdagi qiziqarli holatlar o‘ziga xos uslubda talqin etildi. Har bir hazil, har bir sahna ko‘rinishi tomoshabinlar qalbida aks sado berib, zalda qarsak va kulgular yangradi.
Harbiy xizmatchilar va ularning turmush tarziga bag‘ishlangan sahna chiqishlari tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olindi. Bu esa san’atkorning auditoriyani chuqur his etishi, ularning hayotiga befarq emasligini ko‘rsatdi. Kulgular zamirida hayotiy haqiqatlar, samimiy mehr va insoniy qadriyatlar mujassam bo‘lib, konsert nafaqat ko‘ngilochar, balki tarbiyaviy ahamiyatga ham ega bo‘ldi.

Tadbir davomida harbiy xizmatchilar o‘z oilalari bilan maroqli dam olishdi, kundalik xizmatning mas’uliyati va jiddiyligidan biroz bo‘lsa da chalg‘ib, ruhiy hordiq chiqarishdi. Bunday madaniy tadbirlar harbiylar va ularning oila a’zolari o‘rtasida mehr-oqibatni mustahkamlash, ularning ma’naviy olamini boyitish, xizmat samaradorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishda muhim o‘rin tutishi hech kimga sir emas.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi tomonidan harbiy xizmatchilar uchun yaratilayotgan bunday sharoitlar, ularning ijtimoiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlanishi davlatimiz tomonidan inson omiliga qaratilayotgan e’tiborning yorqin namunasidir.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri