«Ipak yo‘li durdonasi» Toshkent xalqaro kinofestivalining oxirgi kuni ham qizg‘in suhbat va munozaralarga boy o‘tmoqda.
Festival doirasidagi tadbirlar o‘tkaziladigan maxsus maydonchalarda mehmonlar va ijodkorlar ishtirokida jurnalist va blogerlar uchun ijodiy uchrashuvlar va intervyular tashkil etildi.
Ijodiy uchrashuvlardan so‘ng rossiyalik taniqli kinorejissyor Timur Bekmambetov tajriba va mahoratlari bilan o‘rtoqlashdi.
Qizg‘in munozaralarga boy o‘tgan uchrashuvda Timur Bekmambetov ijodi va faoliyati haqida yoshlarga so‘zlab berdi.
– Rejissyor uchun asosiy tayanch ssenariy hisoblanadi, – deydi Timur Bekmambetov.– Ammo rejissyor iqtidorsiz bo‘lsa, yaxshi ssenariyni ham yo‘qqa chiqarishi mumkin. Rejissyor doim yangi g‘oyalar bilan hamnafas bo‘lishi kerak. O‘zbekistonda bo‘lib o‘tayotgan xalqaro festivaldan maqsad yoshlarning sohaviy bilimlarini oshirish va ularning imkoniyatlarini yanada kengaytirish bo‘lgani uchun besh kun asosan yoshlar bilan bo‘ldim. Ularning maqsadlari va orzulari bilan qiziqdim. Namoyish uchun ham asosan yosh ijodkorlar bilan ishlangan turli janrlardagi kartinalarni olib keldik.
Ma’lumot uchun: Timur Bekmambetov kinofestivalda tashkil etilgan «Kino 5 kunda» tanlovida hakamlar hay’ati a’zosi sifatida qatnashdi, kinofestival doirasida rejissyorning filmlari ham namoyish etildi.
D. Mamatova, O‘zA