Mukammallik, did va mahorat bilan yaratilgan san’at asari bevosita tomoshabinni uzoq o‘yga toldirishi, xayolot olamiga olib kirishi, ma’naviy ozuqa, estetik zavq bag‘ishlashi muqarrardir. Rassomning birgina mo‘yqalam orqali butun bir hayot, borliq, inson ichki kechinmalari, falsafiy tushunchalar, shu kabi istalgan mavzularni turfa ranglar va janrlarda ifoda eta olishi, aslida bir mo‘jiza.
Mo‘jizaning bu ko‘rinishi esa tasviriy san’at va go‘zallik ixlosmandlarini o‘ziga jalb etmay qolmaydi albatta. Jumladan, loyihamizning bugungi qahramoni — Dilorom Mamedova ham bugungi kunga qadar yaratib kelayotgan ko‘plab janrlardagi tasviriy san’at asarlari bilan jamoatchilikni hayratlantirib kelmoqda.
Suhbatdoshimizning asarlari bir qarashda mazmunning sodda va tushunarliligi, majoziy tushunchalarni ham o‘ta murakkab bo‘lmagan ko‘rinishda ifoda eta olingani bilan ham ajralib turadi. Bu bilan rassom kompozitsiyalarni tanlash va uni yaratishda keng auditoriyani hisobga olishini payqash mumkin.
— Dilorom opa, keling suhbatimizni an’anaviy savol bilan boshlasak, sizda tasviriy san’atga bo‘lgan ilk qiziqish qachon paydo bo‘lgan va ilk chizgan suratingiz nima bo‘lgan?
— Bilasizmi, bizning avlodimizda umuman rassom yo‘q. Esimda bor, onam menga bog‘chaga borayotgan paytlarimda “Razukrashka klonov” degan albomni sovg‘a qilgan. Shundan boshlab klonlarni ko‘chirib chizib, shug‘ullanganman. Avvaliga hech kim ishonmagan, 3-4 yashar bog‘cha yoshidagi qizchaning shu rasmlarni chizganligiga va men bundan juda ham xafa bo‘lganman. Ularning ko‘z o‘ngida chizib berganimdan so‘ng ishonishgan. Bog‘chada hamma tushlik qilsa, men yostig‘imni tagidan qalamlarni olib chiqib, rasm chizib o‘tirarkanman. Bog‘cha opam menga hamma sharoitlarni yaratib bergan. Lekin vaqt o‘tib ham mendagi qiziqish va tasviriy san’atga bo‘lgan mehr so‘nmadi. Aksincha shakllandi.
— Aksariyat rassomlar “Biz o‘qishga kirgan vaqtimizda, o‘qituvchilarimiz kambag‘allikka tayyormisan?” deya savol berishadi. Rassom boy bo‘lmaydi, deyishadi. Bu borada sizning fikringiz?
— Bilasizmi, bu haqiqat, rassomning noni juda qattiq bo‘ladi, mehnati og‘ir bo‘ladi. Bunga chidash kerak. Haqiqiy rassom, ijodkor mana shu hayot bilan yashash kerak. Butun hayotini shu sohaga bag‘ishlash kerak. Shundan so‘nggina uning mevasini olishi mumkin. Ko‘pchiliking ongida rassomchilik ham kasbmi, degan fikr o‘tirib qolgan. Lekin rassomchilik juda katta kasb, u dunyo ko‘radi buning orqasidan, nonini topadi. O‘zimdan misol, men dunyo ko‘ryapman, ko‘rgazmalar qilyapman. Bunga mehnat, harakat va o‘z ustimda ishlash orqali erishdim.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/oXzPDZzW4EU" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>— Nima uchun O‘zbekistonda Van Goklar yetishib chiqmaydi?
— Siz adashyapsiz... O‘zbekistonda ham juda kuchli rassomlar bor. Ularning chet el rassomlaridan kam joyi yo‘q. Ular ham kun kelib dunyo bo‘yicha mashhur bo‘lib ketishar, balki biz ko‘rmasmiz. Rassomning taniqli bo‘lishi uchun yaxshi reklama va homiy bo‘lishi kerak.
— Sizning ijodingiz homiysi kim?
— Men o‘zim. Avvaliga shu sohaga kirib kelayotganimda menga ota-onam yordam bergan. Bo‘yoqlar, xolstlar, yo‘lkira va hamma chiqimlar uchun... 18 yoshga to‘lganimdan so‘ng ota-onamdan pul so‘ramasdan, umuman o‘zim mustaqil ravishda “brodvey”ga chiqib, pul topa boshlaganman. O‘sha yerda sekin asta portretlar chizib, keyinchalik o‘zim chizgan asarlarimni sotuvga qo‘ya boshladim. Ikkinchi o‘g‘limga homilador bo‘lgan paytlarimda, pul to‘plab bo‘yoqlar sotib olib, so‘ng “brodvey”ni bir kunda tark etdim. Sababi, “brodvey” shunaqa joy ediki, u sizni pul topish bilan andarmon qilib qo‘yadi. O‘z ustingizda ishlolmaysiz, ko‘rgazmalar qilolmaysiz, ijod qilolmaysiz. Lekin oldimga qo‘ygan maqsadim ham to‘g‘ri bo‘lgan ekan, men adashmadim. Xudoga shukr, barchasiga erishdim, hammasi mehnatlarim orqali bo‘ldi. Xudoga shukur, uyim-joyim bor, ustaxonam bor. Agar mehnat qilmaganimda mashinam ham bo‘lmasdi. Inson harakat qilsa, hammasiga erisha oladi. Men juda ham ko‘p qiyinchiliklar ko‘rganman, o‘zim bilaman Xudo biladi. Hatto yeyishga nonim ham bo‘lmagan. Lekin men bundan juda xursandman. Agar ana shu qiyinchiliklar bo‘lmaganida, balki men bugungi ozmi ko‘pmi erishgan yutuqlarimga erishmasmidim.
— Demak sizni bekorga “brodvey malikasi” deyishmas ekan-da?
— Ha-aa, eshitgan ekansiz. To‘g‘ri, shunday sarlavha bilan hatto men haqimda hujjatli lavha tayyorlashgan. Brodveyda adashmasam, 4-5 yil ishladim. Bir kuni shu “brodvey”da o‘tirib, vaqtim bekorga o‘tayotgani haqida o‘ylanib qoldim. Shu paytda oldimga bir rossiyalik mehmon kelib qoldi va chizgan suratlarimni ko‘rib chiqib, hammasini sotib oldi. Ismi Inga edi. Shu ayol menga, necha pul asarlaring deb so‘radi. Men o‘sha paytlarda soddaman, nima deyishni bilmay, “Nu skolko xotite?” (“Necha pulga sotib olasiz?”)deb so‘rayapman. “Men hammasini sotib olaman. “brodvey”da xaltura suratlar sotiladi. Sen nega bunaqa ijodiy ishlarni bu yerda sotyapsan? O‘z chizgan asarlaringni hurmat qilmaysanmi?” - dedi. Bunga ustozlarimning ham “Dilorom, siz ijod qilshingiz kerak. Bu yerda o‘tirsangiz vaqtingiz chizgan asarlaringizni sotish bilan o‘tib ketadi” deyishgandan keyin, bu menga ikkinchi marotaba turtki bo‘ldi. O‘g‘limga homilador bo‘lganimdan so‘ng bo‘yoq, xolstlarga pul to‘plab olib, bir kunda “brodvey”ni tark etdim.
— Nima uchun chizgan asarlaringiz qimmat?
— Chunki men o‘zimning mehnatimni, ijodiy bahosini o‘zim bilaman. Sababi, asarni yaratish uchun kerakli bo‘lgan bo‘yoqlar juda qimmat turadi. Bundan tashqari qancha mehnat qilish kerak. Ba’zida esa shunday paytlar bo‘ladiki, menga kimdir juda ham yoqib qolsa... o‘zi kambag‘al, uyi yo‘q, lekin san’at asarini juda ham yaxshi ko‘radi... Shu asarlarimdan birontasini shundoq sovg‘a qilib ham yuboraman. Sababi, menga o‘sha odamning ichki dunyosi yoqib qolishi mumkin.
O‘zbekiston Badiiy Ijodkorlar uyushmasi a’zosi, rangtarsvirchi rassom Dilorom Mamedova ustaxonasida bo‘lib o‘tgan eksklyuziv suhbatning to‘liq qismini O‘zAning yutub kanali orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Videoda rassom bugungi ichki kechinmalari, qalb og‘riqlari, asarlarining nega qimmatligi, ustaxonasining yonib ketishi, mashaqqatli kunlar va bugungacha erishgan yutuqlari haqida batafsil hikoya qiladi.
Mohichehra Eshmirzayeva suhbatlashdi