Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Taniqli ijodkorlar xotirasiga bag‘ishlandi
19:14 / 2022-11-23

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida taniqli ijodkor, davlat va jamoat arbobi Amet Shomurotov tavalludining 110 yilligi, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Oyimxon Shomurotova tavalludining 105 yilligiga bag‘ishlangan xotira kechasi bo‘lib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, qoraqalpoq milliy madaniyati va san’ati, adabiyotining rivojlanishi, uning bugungidek ravnaq topishida ushbu sohalarda fidokorona mehnat qilgan Amet Shomurotov va Oyimxon Shomurotovaning hissasi beqiyos. Bu juftlik o‘zlarining yuksak insoniylik fazilati, tashkilotchiligi, o‘tkir qalami va shirali ovozi bilan xalqning ko‘nglidan joy oldi. Ular haqida gap ketganda butun hayotini ijodga bag‘ishlagan, milliy madaniyatimiz va san’atimiz rivoji uchun bor kuch-g‘ayratini sarflagan ulug‘ insonlar, elning fidoyi farzandlari ko‘z oldimizga keladi.  

1912 yil Kegeyli tumanida tavallud topgan Amet Shomurotov ilk mehnat faoliyatini o‘qituvchilikdan boshlagan. U 1938 yildan boshlab ijod maydonida tanila boshladi. O‘zining tirishqoqligi, samimiyligi tufayli ko‘plab mas’uliyatli lavozimlarda faoliyat olib bordi. Turli yillarda Qoraqalpog‘iston nashriyoti, Toshkentdagi badiiy adabiyot nashriyotida, Qoraqalpog‘iston ASSR Xalq komissarlari kengashi, Til va adabiyot ilmiy-tadqiqot instituti direktori o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosari, Vazirlar Kengashi qoshidagi San’at boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida samarali faoliyat olib bordi.  1950 yildan umrining so‘nggiga qadar Qoraqalpog‘iston ASSR Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari, Yozuvchilar uyushmasi raisi, Nukus shahar partiya qo‘mitasi kotibi vazifalarida xizmat qildi.    

Davlat va jamoat arbobi Amet Shomurotov qayerda, qanday lavozimda ishlamasin, o‘zining bor bilimi va tajribasini yurtimizning ilm-fan, madaniyat, ta’lim va boshqa qator sohalarini rivojlantirishga bag‘ishladi. Uning o‘tkir qalamidan yaralgan asarlarda Vatanga muhabbat, ona yurtga sadoqat bilan xizmat qilishdek tuyg‘ular mujassam. Ayniqsa, “Mening yo‘lbarslar bilan tanishuvim” povesti qoraqalpoq adabiyotida yangilik bo‘ldi. Uning “Sovg‘a”, “Vatan haqida qo‘shiq”, “Suyaman” nomli asarlari kitob bo‘lib chiqib, qardosh xalqlarning ijod ahliga ham yaqindan tanildi. Dramaturg sifatida “Qirq qiz”, “Orol qizlari” pessalari va qator inssenirovkalarning muallifi bo‘lib, bu asarlar turli yillarda teatr sahnasida tomoshabinlarga taqdim etildi. Ko‘p qirrali iste’dod sohibi tarjimonlik sohasida ham samarali mehnat qilib, ko‘plab adiblarning asarlarini qoraqalpoq tiliga tarjima qildi. 

[gallery-9706]

El-yurtimiz uchun fidokorona mehnat qilgan Amet Shomurotov  hayotda ham yaxshi umr yo‘ldosh, farzandlarining mehribon otasi edi. Turmush o‘rtog‘i, xalqning suyukli san’atkori Oyimxon Shomuratova bilan yetti nafar farzandni tarbiyalab, elga qo‘shishdi.    

O‘zining jo‘shqin qo‘shiqlari, o‘lmas obrazlari bilan 60 yildan ziyod vaqt ijod maydonida mehnat qilgan Oyimxon Shomurotovaning ismini xalqimiz katta hurmat bilan tilga oladi. U 1917 yili Qo‘ng‘irot tumanining Qonliko‘l tumanida tavallud topgan. 1932 yili To‘rtko‘l tumaniga o‘qishga borib, u yerda havaskorlik to‘garagiga qatnashgan. Yoqimli ovozi, tabiat in’om qilgan ilohiy iste’dodi bilan ko‘zga tushgan san’atkor teatr sahnasida “Bu kim?”, “Tengini topgan qiz”, “Gulsara”, “Qirq qiz”, “Alpomish”, “G‘arib oshiq”, “Ravshan” singari ko‘plab spektakllarda bosh qahramon rollarini maromiga yetkazib ijro qildi va tomoshabinlarning olqishiga sazovor bo‘ldi.    

Uning ijrosidagi qo‘shiqlar bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmay, san’at olamiga qadam tashlayotgan yoshlarimiz uchun mahorat maktabi vazifasini bajarmoqda. Shuningdek, san’atkor Turkmaniston, Qozog‘iston, Tojikiston, Ozarbayjonda o‘tkazilgan madaniyat kunlarida, O‘rta Osiyo respublikalari san’at festivallarida munosib ishtirok etib, yurtimizning boy madaniyati va san’atini qardosh xalqlarga tanitishda faollik ko‘rsatdi. Uning ko‘p yillik mehnati munosib baholanib, turli yillarda Qoraqalpog‘iston xalq artisti, O‘zbekiston xalq artisti, sobiq Ittifoq xalq artisti unvonlari, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi.    

Ko‘p yillardan buyon Oyimxon Shomurotovaning xotirasiga bag‘ishlangan yosh ijrochilarning ko‘rik-tanlovi o‘tkazib kelinmoqda.

Shuningdek, Nukus shahrida Amet va Oyimxon Shomurotovalar uy-muzeyi tashkil etilib, ularning faoliyatiga oid qimmatli eksponatlar saqlanmoqda. Ularga Amet va Oyimxon Shomurotovalarning qizi Oyimgul Shomurotova rahbarlik qilib kelmoqda.  

Xotira kechasi ishtirokchilariga san’at ustalari ijrosidagi konsert dasturi namoyish etildi.  

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi o‘rinbosari R.Saparbayev ishtirok etdi.  

Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA