O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 34 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni bilan vafotidan so‘ng bir guruh taniqli olim, yozuvchi va shoirlar davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.
Farmonga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, adib Vali G‘afurov, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, adabiyotshunos olim, tarjimon To‘xtasin Jalolov, fan arbobi, jadidshunos olim Begali Qosimov, xalq shoiri Quddus Muhamedov (Quddus Muhammadiy), xalq shoiri Tursunali Parfiyev (Rauf Parfi), Fanlar akademiyasi akademigi, adabiyotshunos olim Alibek Rustamov (Alibek Rustamiy), xalq shoiri Muhammadjon Yusupov (Muhammad Yusuf) “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi.

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva davlat va jamoatchilik vakillari bilan birga ularning oila a’zolari xonadonlarida bo‘lib, mukofotlarni topshirdi.

Tashrif davomida mukofotlanganlarning yaqinlariga O‘zbekiston ilm-fani, adabiyoti va madaniyatini rivojlantirish, jamiyatda mehr-oqibat, adolat va ma’naviy yuksalish tamoyillarining qaror topishiga qo‘shgan hissasi uchun chuqur hurmat va minnatdorlik bildirildi.
O‘z navbatida, ularning oila a’zolari mamlakat Prezidentiga ushbu ulug‘ zotlarning mehnati va xizmatlari yuksak baholangani, mamlakatimizda ajdodlar xotirasiga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotgani uchun tashakkur bildirdi.
N.Abduraimova,
O‘zA