English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Taniqli adib Jovli Xushboq bilan ijodiy uchrashuv o‘tkazildi
14:48 / 2025-12-12

Denov tadbirkorlik va pedagogika institutida minglab talabalar ta’lim olayotir. Ularning ko‘pchiligi adabiyotga, kitobga qiziqqan yoshlar ekani quvonarli hol. Shu boisdan bu yerda taniqli olimlar, adabiyot va san’at arboblari, mashhur shoir va yozuvchilar, mehnat faxriylari bilan uchrashuvlar o‘tkazilayapti.

Yaqinda taniqli adib, adabiyotshunos olim Jovli Xushboq bilan o‘tkazilgan tadbir har qachongidan ko‘ra qiziqarli bo‘ldi. Unda turli fakultetlarda o‘qiydigan talabalardan tashqari professor-o‘qituvchilar, badiiy ijod, ma’rifat, kitob mutolaasiga qiziquvchi turli yoshdagi kishilar ishtirok etishdi. Uchrashuvni institut rektori Oybek Ro‘ziyev ochdi va olib bordi.

El suygan adib Jovli Xushboq keyingi yillarda yaratgan asarlarining yozilishi tarixi haqida so‘zladi. Tadbir qatnashchilari “Muhammad Shayboniyxon” romanini yaratishda adib duch kelgan muammolar, yirik shaharlardagi arxivlarda o‘tgan mashaqqatli izlanishlar, o‘zbek millatining kelib chiqishi tarixi, o‘zbek davlatchiligining ilk yillari, Shayboniyxonning hayoti va faoliyati xususida qiziqarli va qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘lishdi. Ular Muhammad Shayboniyxonning bebaho g‘azallari hamda asarlarini tezroq nashr etish zarurligini, kitoblarini o‘qish niyatida ekanini aytishdi.

Tadbirda so‘z olgan O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori Zavqiddin Suvonov bugungi adabiy jarayon, keyingi yillarda yaratilgan badiiy asarlar haqida gapirdi. U talantli yozuvchi va adabiyotshunos olim Jovli Xushboqning o‘zbek prozasi va adabiy tanqidchiligida alohida o‘rni bor, uning asarlari qayta-qayta nashr etilmoqda, bu bejiz emas, deya alohida qayd etib o‘tdi.

Uchrashuvda ishtirok etgan talabalardan biri so‘z olib, bu tarixiy romanni tojik tiliga tarjima qilmoqchi ekanini aytdi. Institut o‘qituvchilari va talabalar bunday mazmunli uchrashuvlar tez-tez o‘tkazilib turilishi lozimligini alohida ta’kidladi.

Qiziqarli o‘tgan ijodiy uchrashuv ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Dilmurod Tursunov, 

Akmal Mengliboyev,

Denov tadbirkorlik va servis 

instituti prorektorlari