Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Taniqli adabiyotshunos, yozuvchi Jovli Xushboq bilan taniqli yozuvchi Shahodat Isaxonova suhbati
14:55 / 2024-01-20

Haqiqat va adabiy jarayon

Adabiy suhbatlar

Keyingi yillarda o‘zbek adabiyotida yirik epik janrlar taraqqiyoti kuzatilayotir. Isajon Sultonning hozirgacha yettita romani nashr etildi. Ayniqsa, tarixiy mavzudagi “Alisher Navoiy”, “Beruniy” asarlari kitobxonlar tomonidan iliq kutib olindi. Muhammad Alining “Kleopatra”, Erkin A’zamning “Shovqin”, Xurshid Do‘stmuhammadning “Donishmand Sizif”, Luqmon Bo‘rixonning “Imom Moturidiy”, Iqbol Mirzoning “Bonu”, Abduqayum Yo‘ldoshevning “Daryo”  romanlari alllaqachon minglab o‘quvchilarning ma’naviy mulkiga aylangan. Bundan tashqari Shoyim Bo‘tayev, Nemat Arslon, Nabi Jaloliddin singari  o‘nlab adiblarning asarlari ham dunyo yuzini ko‘rdi.

Turkiy xalqlar adabiyoti haqida so‘z ketganda sho‘rolar davridayoq  elning sevimli adibiga aylangan  atoqli yozuvchi Nurali Qobul kitoblari yodga tushadi. N. Qobul romanchilikda o‘ziga xos maktab yaratdi. Taniqli adib shu kungacha o‘nlab tarixiy asarlar yozganligi, ularni dunyoning ko‘plab mamlakatlaridagi o‘quvchilar katta hayajon bilan, sevib mutolaa qilishayotganligi diqqatga sazavordir. Eng asosiysi, bu kitoblarning aksariyati xorijiy tillarga ham tarjima qilingani maqtovga loyiq. Nurali Qobulning yetti jildlik roman-pamfletlari kitobxonlar o‘rtasida qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketdi. U siyosiy roman-pamflet janrining asoschilaridan biri ekanligi e’tirofga munosibdir.  

Bugungi nasr haqida fikr yuritganda iste’dodli yozuvchi Shahodat Isaxonova asarlarini mamnuniyat bilan tilga olmasdan iloj yo‘q. Negaki adiba keyingi yillarda bir nechta qissa va badiiy jihatdan pishiq romanlar yaratib, ayol ijodkorlar orasida  hamon peshqadamlikni bermay kelayotir.  

Shu bois, sevimli yozuvchi bilan bugungi adabiy jarayon, so‘nggi paytlarda nashr etilgan kitoblari, hamkasblar ijodi va hatto she’riyat sohasida ham salohiyatini namoyon etayotganligi xususida qizg‘in gurunglashdik.

Quyida  ana suhbat matni  e’tiboringizga havola etilmoqda.

Jovli Xushboq: – Kuzatishimcha, istiqlol yillarida talantingizning yangi qirralari yuz ko‘rsatmoqda. Buni ijodiy faollik borasida boshqa yozuvchilardan ko‘ra ancha sermahsul ekanligingizdanham anglash mumkin. Kamolot sari dadil qadamlaringizni o‘zingiz qanday izohlaysiz?

Shahodat Isaxonova: – “Istiqlol yillarida...” degan jumlangizga ozroq izoh berib ketsam... Bilasizmi, istiqlolgacha bo‘lgan davrni ba’zilar sal istehzo va piching aralash talqin qilishadi. Qay bir ma’noda bunga ma’nan haqli ham. Lekin men o‘sha davrni (o‘zim yashagan yillarni nazarda tutayapman, tuzumni emas) qoralash fikridan yiroqman. Chunki bu davrda, garchi, yashashimiz bugungi kundagi darajada to‘q, farovon bo‘lmasada, chin ma’noda haqiqiy ilm oldik. “Bir kishi hamma uchun, hamma bir kishi uchun” degan va hozirgi avlodlarga balandparboz gapga o‘xshab tuyuladigan shior bizning qalbimizda na faqat yaqinlarga nisbatan, balki, butun bir elimizga, millatimizga, jamiki insonlarga nisbatan  mehr-muruvvat hissini uyg‘otgan, ongimizda insoniylik tuyg‘usini shakllantirgan. “Tuzum sifatida emas” degan iboramning boisi shuki,   o‘zbek millati  sifatida, davlat sifatida sonda boru sanoqda yo‘q edik. Biz ajdodlarimizni, tariximizni, qahramonlarimizni boshqalarning tavsiyasiga ko‘ra, yoqish-yoqmasligiga ko‘ra yozishga, tasvirlashga, talqin qilishga mahkum edik... Shu bois ham Istiqlol biz uchun juda qadrli va u hammamizning armonimiz, orzuimiz edi...  

Turli davronu zamonlarni ko‘rib kelayotgan inson sifatida Siz ham yaxshi bilasiz, har bir davrning, ayniqsa, erishilishi nihoyatda mushkul hisoblangan, hatto tushingizga ham kirmaydigan Istiqlolning o‘z qiyinchiliklari va yutuqlari bo‘ladi, bu tabiiy. Lekin bu ko‘proq o‘sha davr odamlarining, aniqrog‘i, davlat va saltanat karvonini boshqarayotgan mas’ullarning zakosi, iqtidori, salohiyati bilan  bog‘liq. Dastlabki yillarda Istiqlol og‘ochi biz kutgan mevalarni bermaganining, aksincha, madaniyat, ma’rifat va ilm sohasida  ko‘plab yanglish va xatoliklarga yo‘l qo‘yilganining  boisi ham shundan bo‘lishi mumkin...

Birgina o‘zimizning yozuvchilar uyushmasida qancha iqtidorli ijodkorlar safimizdan yashirin ravishda o‘chirildi... Gazeta-jurnallar obunachilar soni kamayganligi bahonasida yopildi, kutubxonalar o‘z-o‘zidan yo‘q qilindi. Ilm dargohining ulug‘i hisoblanmish O‘zbekiston Fanlar Akademiyaning tarqatilishi esa dunyo allomalarining beshigi bo‘lmish yurtimiz uchun katta yo‘qotish va hatto isnod ekanligini aytmayoq qo‘yaqolay...  

Keyingi yillarda esa bu xatolar tuzatilmoqda. Ayniqsa, fandan ko‘ra texnikaga ruju qo‘yilayotgan va fanning asosi bo‘lmish ilmdan, kitobdan uzoqlashilayotgan bir pallada asl kitobxonlar uchun turli-tuman konkurslar, musobaqalar uyushtirilib, g‘oliblar uchun mukofotlar, sovg‘alar tashkil qilinayotganini  men yozuvchi sifatida quvvatlayman,  quvonarli hol. Chunki bu usul ham qaysidir bir ma’noda o‘zini oqlashiga imonim komil.  

“Istiqlol yillarida talantingizning yangi qirralari yuz ko‘rsatmoqda...” degan e’tirofingizga kelsak, menimcha, hamma narsa, zarralardan tortib, oddiy yaratiqlargacha, u xoh o‘simlik, xoh odamzod bo‘lsin, yashay olish, o‘sib-ulg‘ayish, o‘zini namoyon etish imkoniyati bor muhitda, sharoitda tub qo‘yib, palak yozadi... Yuqorida ta’kidlaganimdek, sovet tuzumi davrida namunali yashab, bilimni chuqur egallagan, madaniyatli insonlar sifatida shakllangan va yashagan bo‘lsakda, o‘z yurtimiz, millatimiz, ajdodlarimiz haqida ro‘yi-rost yozish, borni borligicha talqin qilish cho‘g‘ning ustida yurish bilan bab-barobar edi. Bu taqiqlar garchi ochiq aytilmasada, amalda qo‘llanilardi. Ajdodlarimiz tarixiga qo‘l urgan ijodkorlar Ibrohim Mo‘minov, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov  kabi ulkan yozuvchilar ana shunday taqiqlarning jabrini tortganini zamondoshlarimiz hanuz eslashadi... Bugungi kunda “Turon malikalari” turkumidan to‘rtta tarixiy romanim o‘quvchilar qo‘liga tegdi. Siz yaxshi bilasiz, O‘rta Osiyoda ayollarning fazilatlari, burchi, vazifalari, axloq-odobi, onaligi, sevimli yor ekanligi doimo tahsinga sazovor bo‘lgan va e’zozlangan. Ular ilm va ma’rifat, bunyodkorlik ishlarida,  erkaklar bilan yelkama-yelka turib, el xizmatida bo‘lgan, madrasalar qurgan, ilm ahliga homiylik qilgan, ma’rifat tarqatgan va ulug‘lik maqomiga erishishgan. Hatto o‘z davrining ijtimoiy-siyosiy hayotida ham faol ishtirok etishgan. Birgina Bibixonimning o‘zi bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Tarixdan bilamizki, Amir Temur hazratlari ayollarga yuksak ehtirom ko‘rsatgan. Bibixonimga berilgan imtiyozlar fikrimizning dalilidir. Bibixonim ulusning martabasini saqlashda, obro‘-e’tiborini oshirishda “tuzuklar...” ga amal qilgan holda ish yuritgan. Elu elat ahvolidan ogoh bo‘lish, ularning taqdiri, turmush tarzi, oila sharoiti bilan qiziqish, ulug‘larni og‘a, kichiklarni ini va farzand o‘rnida ko‘rish, yoshlarni Vatanga, tuproqqa, ulusga, tilga, bayroqqa sadoqat ruhida tarbiyalash shiori  Babixonim uchun dasturilamal bo‘lgan... Romanlarimda ana shunday ma’rifatparvar malikalar va ayollarimiz haqida hikoya qilinadi...  

Jovli Xushboq: – Bolalar adabiyoti sohasida ham qalam tebratishingizdan xabarim bor. Talaygina hikoyalaringiz kitob holida chop etilgan. Kichkintoylarga atab yozgan asarlaringizni hanuzgacha navqiron avlod vakillari sevib o‘qishadi. Jiddiy prozaga o‘tishingiz uchun bolalar adabiyoti pillapoya vazifasini o‘taganday xayolimda...

Shahodat Isaxonova: –  Ha, ilk mashqlarimni ham bolalarga atab she’r yozishdan boshlaganman. “Jabrdiyda” nomli dastlabki  hikoyamning qahramoni  bola va buvi... Garchi she’rlarimda ham, hikoyalarimda ham qahramonlar asosan kichkintoylar bo‘lsada, ularning kechinmalarini kattalarning hayoti, muhabbati, nafrati, yaxshi xislatiyu yomon fe’l-atvoriga bo‘lgan bolalarcha qarashlari orqali  ochib beraman...  “Jabrdiyda”ni oyimning xolasi aytib bergan hodisa asosida yozganman. Hikoya qahramoni O‘tkir degan bola otasiga qo‘shilib, qamoqxonada yotgan buvisini ko‘rgani boradi.  

Voqea tafsiloti shunday yuz bergan. Bolaning bobosi kim bilandir janjallashib qolgan va boshi ostona qirrasiga tegib, o‘sha zahoti jon bergan... Hikoya tafsilotida bu ayblov buvining chekiga tushgan. Buvi bolaga o‘gay. Ya’ni, u cholning birinchi  xotini. Farzandsizligi tufayli cholning ikkinchi xotinidan bo‘lgan o‘g‘il bilan yashaydi. Ularni o‘z farzandiday ko‘radi... Voqea so‘ngida fojia oydinlashadi.

Otasi qamoqxonaning ichkarisiga kirib, ko‘rishishga ruxsatnoma olgunicha, bola nazoratchining oldida qoladi va, tabiiyki, xodim uni gapga soladi.  

– Buvingni shunchalik yaxshi ko‘rasanmi? – deydi nazoratchi kichkintoyning  maqtov so‘zlarini eshitgach.  

 –Ana shu yaxshi buving bobongni itarib yuborib, o‘ldirganini ham bilasanmi?! – deydi nazoratchi hayratlanganicha.

– Bobomni buvim o‘ldirgani yo‘q, otam itarib yuborgan edi, o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman... – deydi  shosha-pisha va xodim  gaplariga ishonishi uchun o‘ng qo‘lini juft qilganicha, chekkasiga tiraydi, – Chin oktyabryat so‘zim...  

Hikoyadagi buvi aslida, oyimning xolasi... O‘sha xolamiz bu voqeani menga aytib turib, yozdirgan...  

Jovli Xushboq: –  G‘afur G‘ulomu Oybekdan tortib to Iqbol Mirzogacha nasr bilan nazm bog‘idan sara gullar terib, nafis guldastalar hosil qilganliklari ko‘pchilik adabiyot muxlislariga ayon. Badiiy jihatdan ancha baquvvat romanlar yaratgan Shahodat Isaxonovaning “Adabiyot” gazetasida bir sahifadan ortiq she’rlari e’lon qilinganligi yuqoridagi an’ananing hanuzgacha davom etib kelayotganligini anglatmaydimi?

Shahodat  Isaxonova:  –  Yuqorida aytib o‘tganimdek, men ham ijodimni she’r yozishdan boshlaganman. Poetik asarlarim tuman, viloyat va respublika gazeta-jurnallarida bosilgan. Lekin ayni paytda nasrda ham ijod qilganim uchunmi, keyinchalik vaqtimni ko‘proq shu janrga qaratdim. Men poeziyani, she’rlarni (yaxshi, haqiqiy asarlarni, albatta) inson tafakkurini uyg‘otuvchi, ilhom beruvchi bir vosita deb bilaman va qanday janrdaligidan   qat’iy nazar, u nasriymi, yoki nazmdami yozishni boshlashdan avval sevgan shoirlarimdan albatta she’rlar o‘qiyman. Chunki nasrda fikr va ohang uyg‘un bo‘lishi kerak. Ohang bo‘lmagan asarni o‘qish qiyin kechadi. She’rdagi yangilik, hatto, bir jumla yoki go‘zal tashbeh ko‘nglingizda tug‘ilgan, lekin qog‘ozga ko‘chishi qiyin kechayotgan fikrlaringiz bulog‘ining ko‘zini ochib yuboradi. U qahramonlaringiz dardiga malham bo‘ladi... Ularni ezgulik sari yetaklaydi. G‘am-alam, qayg‘u, do‘stu yorlari xiyonati chohidan omon chiqishi uchun pillapoya vazifasini bajaradi. Shu sabab, yaxshi she’r qudratli vulqonga o‘xshaydi... Darvoqe, she’rlarim yoqqanidan xursandman. Ayniqsa, Sizday nozik ta’b va ashaddiy tanqidchi tomonidan e’tirof etilishi men uchun katta baho...

Jovli Xushboq: – Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatib borayapsizmi? Bugun yurtimizdagi millionlab yoshlarning ko‘pchiligi telefondan foydalanishni va internet saytlariga kirishni afzal ko‘rmoqdalar. Siz “Kun-O‘z”, “Qalampir”, “Daryo”, “O‘z.A. Rasmiy xabarlar ”, “O‘ZA. Tezkor xabarlar”, “O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi” kabi o‘nlab ommabop saytu kanallarda berilayotgan turli-tuman xabar, maqolalarni, she’rlaru nasriy asarlarni o‘qib turasizmi?  

Men  talantli shoira Gulandom Tog‘ayevaning  feysbukdagi guruhiga a’zoman. Uning sayt va  kanalida ko‘ngillarni o‘tli misralari bilan zabt etadigan shoirlarning she’rlari  ko‘proq e’lon qilinayotir. Shu bilan birga gohida o‘quvchining didini o‘tmaslashtiradigan, badiiy jihatdan ancha bo‘sh, nochor mashqlar ham o‘rin olayotganligi sir emas. Ularni o‘qigan yoshlar she’r-haqiqiy san’at asari shunday bo‘lar ekan-da degan noo‘rin va aldamchi xulosaga kelmasligiga kim kafil bo‘la oladi?

Shahodat  Isaxonova: –  Ha, yoshlarning ko‘pchiligi telefondan foydalanishi,  shunchaki, afsus bilan aytiladigan gap emas. Men uni “Bu  davr, millat, avlodlar uchun eng yomon illat” deya davom etdirgim keladi...  Bu yerda yoshlarning saytlarga kirib, ma’lumotlar olishlarini aytmayapman. Aksincha, maktabda, uzluksiz o‘qish orqali olinadigan haqiqiy bilimlardan mosuvo bo‘lishayotganini nazarda tutayapman. Shu yerda Rumiy hazratlarining: “Siz kitobga shunchaki ko‘z tashlasangiz, quruq harflarni ko‘rasiz. Siz unga aqlingiz ila boqsangiz undagi ilmni ilg‘aysiz va uning ma’nolari xazinasidan bahramand bo‘lasiz. Uni qalb ko‘zingiz ila o‘qisangiz u sizni haqiqiy, dunyoviy  ilmga oshno etadi. Agar uni ruhingiz bilan uqsangiz Sizga Robbim yaratgan barcha yaratiqlarning sir-asrori ochiladi...” degan fikrlarini iqtibos tariqasida keltirmoqchiman, chunki u aytmoqchi bo‘lgan gapimga juda uyg‘un. Zero, “Saodatli hayotning kaliti ilmdir...” degan gapning ma’nosi ham mana shunday... Lekin bu bilan men barcha yoshlar telefonga yopishib olgan, degan fikrdan yiroqman.

Maktablarda, oliy o‘quv dargohlarida yaxshi o‘qiyotgan, ilmning qadrini tushunayotgan yoshlarimiz ham ko‘paymoqda. May oyida meni Andijon davlat pedagogika institutiga uchrashuvga taklif qilishganida institut domlasi, filologiya fanlari nomzodi, dotsent singlimiz Ma’rifatxon Qosimovaning sazasini o‘ldirgim kelmay, “xo‘p” dedimu keyin  tadbirlarga o‘lganinig kunidan keladigan, loqayd, telefon titkilab o‘tiradigan yoki gapirayotganingda daftar-kitobini qo‘ltiqlab, jo‘nab qoladigan yoshlarni eslab, va’da berganimga o‘zimcha pushaymon bo‘ldim. Ammo uchrashuvdan mamnun bo‘lib qaytdim. Bir yarim soatga mo‘ljallangan uchrashuv, uch soatga cho‘zildi. Eng qizig‘i, dastlab yarim bo‘lgan zal ko‘p o‘tmay, to‘ldi. Keyin bilsam, savollar-javoblardan ilhomlangan yigit-qizlar “xomuza tortib o‘tirgandan ko‘ra, dam olganimiz ma’qul” deb yotoqxonada qolishgan hamrohlariga suhbat qiziyotgani haqida xabar berishgan ekan... Uchrashuv boshlanishidan oldin institutni va talabalar yotoqxonalarini aylanib chiqib, u yerda yaratilgan sharoitlardan xursand bo‘lsamda, suhbatdoshlarim rektor Baxtiyorjon Rasulov, yoshlar siyosati  va ma’naviyat bo‘yicha prorektor Muhammadjon Parpiyev va domlalarga “Shunday sharoitlarda yaxshi o‘qimaslik, gunoh...” deb sha’ma qilib qo‘ygandim o‘zimcha. To‘g‘risi, alamli fikrlarim tumanday tarqab, havas bilan qaytdim...  

Siz sanab o‘tgan ko‘plab sayt va kanallarga men ham a’zoman. Gulandom Tog‘ayeva boshqarayotgan “Mohiyat. O‘z” kanali e’lon qilayotgan voqea va hodisalarni, publitsistik va badiiy asarlarni ham o‘qib boraman. Gulandomxon iqtidorli shoira bo‘lishi bilan birga zukko olima ham. Buning ustiga adabiyotimizning haqiqiy fidoyisi... Shu bois, saytdagi materiallar rang-barang va eng asosiysi sifatli. Chindan ham kanallarda berilayotgan yaxshi she’rlarni o‘qiganingizda, yangi, iqtidorli nomlarni kashf etganingizda xursand bo‘lasiz. O‘rtamiyona yoki undan past darajadagi mashqlar esa ko‘nglingizni xira qiladi. Ayniqsa, adabiyotda tanish-bilishchilik yoki suyash ma’nosida muruvvat ko‘rsatilishiga men ham qarshiman. Bunday paytda Sizning muruvvatingiz adabiyotning zarariga ishlaydi va bunday bag‘rikenglik, ko‘nglibo‘shlik qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqarishga o‘xshaydi. Eng achinarlisi, badiiy ijodda yana bir “xizmat turi” paydo bo‘ldiki, buni nima deb baholashni ham bilmayman... Ya’ni, bus butun hikoya, qissa, hatto romanlargacha iqtidorli ijodkorlarimiz tomonidan yozib berilayotgan ekan!      

Jovli Xushboq: – Mukofotu unvonlar, ordenu medallar, umuman, mehnatga, iqtidorga yarasha e’tiroflar yaxshi. Lekin o‘sha e’tiroflar haqiqiy egasiga qilinsagina qiymati bo‘ladi. Ayniqsa, “Zulfiya” mukofoti va uning atrofidagi har xil gap-so‘zlarni eshitib, ijodkor sifatida odamning nafsoniyati og‘rirkan. Siz bu fikrlarga qanday qaraysiz?

Shahodat Isaxonova: – Hadislarda “Mazlumning mehnatiga, qobiliyatiga yarasha e’tirof etmaslik, munosib  taqdirlamaslik zulmdir...” deyiladi. Ota-bobolarimizdan qolgan “Yigitni o‘ldir, lekin haqini ber... degan maqoldagi adolatli sha’ma ham shunga uyg‘un. Lekin o‘zingiz ta’kidlaganingizdek, gap mukofotning munosiblarga berilishida. Mendan ham “Zulfiya” mukofotiga tavsiyanoma (hozir “fikrnoma” ham deyishadi) so‘rab kelishganida, ba’zi bir “shoira” qizlarning qoralamalarini o‘qib ko‘rib, to‘g‘risi uyalaman, ota-onalarining gaplarini eshitib, undan battar xijolat bo‘laman, hatto, bechoralarga rahmim ham keladi... Mukofot qizlarning ba’zilariga yaxshiroq oliy dargohga o‘qishga kirish uchun asqotsa, ayrimlarining mansab pillapoyalaridan ko‘tarilishiga vosita bo‘lar ekan. Bir qizning onasi hatto, “mo‘ljalimda yaxshi, boyvuchcha kuyov bor, o‘sha yigit bo‘lajak kelin “zulfiyachi” qizlardan bo‘lishini xohlayotgan ekan, qo‘llab yuborsangiz siz ham savobga qolasiz...” deganida nima deyishimni bilmay, mum tishlaganman. “Mukofotlarni ijodga yordam beruvchi omil deb bilmaganim sababli bu jarayonga aralashishdan o‘zimni tiyaman, uzr...” degan bahona bilan bunday “savob”dan voz kechganman... Lekin “Zulfiya” mukofotining sohibalari bo‘lmish iqtidorli shoiralar Guljamol Asqarova, Mehrinoz Abbosova, Nozima Habibullayeva, Feruza Xayrullayeva, Yulduz O‘rmonova, Yulduz Abdulhakimova va Hulkar kabi ijodkorlarning asarlariga teng keladigan she’rlarni o‘qiganimda, albatta, yozib bergan bo‘lardim...

Jovli Xushboq: –  Mavridi  kelganda, so‘raganim uchun uzr, o‘zingiz ham biror bir unvon yoki mukofot sohibi bo‘lganmisiz?

Shahodat Isaxonova: – “Har narsada xayr bor...” deyishadi. Nimagadir erishsang bir xayr, erisha olmasang o‘n xayr bor...” ekan. Demak, men o‘n xayr egasiman. Men uchun eng asosiysi, mukofotga arzirlik asarlaringning bo‘lishi... Chunki mukofotu unvonlar faqat o‘zingga asqotadi, kitoblaringdan esa elga foyda bor. Prozaik va poetik asarlarim Allohning mukofotidir...  

Jovli Xushboq: – Saytlar, kanallarda yana bir xunuk odat va rusum paydo bo‘ldiki, bu uyatli tirikchilikni qanday nom bilan atashga ham hayron qolasan... Ijodkor tomonidan kashf etilgan yangi fikr, tesha tegmagan iboralar, tashbehlar va hokazolarni bir-birlaridan “o‘zlashtirish” odat tusiga kirayapti. Siz bu ahvolga qanday baho berasiz? O‘zingiz ham shunday g‘arotga duch kelganmisiz?  

Shahodat Isaxonova: – Men buni “adabiyotning fojiasi” degan bo‘lardim... Ijtimoiy tarmoqlarda Nuri Jahon taxallusli ajoyib bir shoira bor. Ko‘pincha, o‘sha shoira bu xunuk odatdan norozi bo‘lib, menga ko‘nglini ochib qolar edi. Yaqinda bir saytda “Yilning eng yaxshi videosi...” degan bir video lavhani ko‘rib qoldim. Lavha “O‘rindiqsiz bilet...” deb nomlangan va unda qariyaga o‘z o‘rnini bergan nogiron bir qiz haqida hikoya qilinadi. Videoda talqin qilingan voqea chindan ham ibratli va insonlarga saboq beradi. Lekin kadr ortidan berilgan qo‘shiqni eshitib, to‘g‘risi hayron bo‘ldim. Unda mening “Sen menga mehr ber...” she’rimdagi so‘zlardan foydalangan holda qo‘shiq qilingan va avtori yangi...

Ammo tashbeh, iboralar uchun dod-voy solish halvo ekan. Butun boshli she’rlarni ham “o‘ziniki” qilib e’lon qilishga jur’ati yetayotgan ijodkorlarning borligidan hayratga tushdim... Buning ustiga “ko‘chirmachi” yosh, hali mualliflik qonun-qoidasini bilmaydigan boshlovchi qalamkash emas, balki tuppa-tuzuk taniqli shoir yoki shoira bo‘lsa? Bir saytda turkman shoirining, rahmatli Muhammadjon Rahmon tomonidan tarjima qilingan she’riga ko‘zim tushib qoldi. She’r ham, tarjima ham yaxshi bo‘lganligi uchun biz, uni yodlab olgan edik. Lekin she’rning tagidagi muallif-shoiraning ismini o‘qigach, hayron bo‘ldim, balki “tarjimon” so‘zi tushib qolgandir yoki shoira ham uni yangidan tarjima qilgandir deb o‘yladim. Lekin she’r deyarlik o‘zgartirilmagan, faqatgina ko‘plik ma’nosini beruvchi “lar” qo‘shimchasi olib tashlangan edi... Saytning boshqaruvchisi bo‘lmish tanish yigitdan so‘rab ko‘rish ma’nosida unga telefon qildim. Boshqaruvchi yigit she’r muallifi shoiraning o‘zi ekanligini aytgach, men fikrimni yashirib o‘tirmadim. “Nobel mukofotining sohibasiga ayting, birovlarning she’rini o‘ziniki qilmasin, laureat uchun bu juda uyatli...” dedim. (Bunday deyishimning sababi u o‘z saytining oldingi sahifalarida shoiraning yuz yildan keyingi taqdiridan fol ochib, Nobel mukofoti sohibasi bo‘lmish buvining muzeyiga tashrif buyurgan avlodlariga uning hayoti va ijodi haqida “ajib” bir lavha e’lon qilgan edi. Undan ilhomlangan, boshqa “jonkuyar” bloger ukalarimiz ham sahifalarida “xalq shoirasi” unvonlari bilan kimlarni siylash mumkin degan luqma tashlashib, shoiralarimizning qo‘ltig‘ini puch yong‘oqqa to‘ldira boshlashdi... Undan keyingi hangomalar, shoiralarimizning talashib-tortishuvlarini mayli, aytmay qo‘ya qolay...) Xullas, bloger ukam oldin men bilan rosa tortishdi. Unga “Mayli boshqa saytda, M. Rahmonning kitobini rasmga olib, e’tiroz va fikrlarimni bildiraman, unda...” deganimdan keyin, shunda ham shoira bilan gaplashgach, she’rni saytidan o‘chirishini aytdi. She’r o‘n daqiqa ichida o‘chirildi...

Jovli Xushboq: – “Turon malikalari” turkumidan yozgan romanlaringiz allaqachon minglab o‘quvchilarning ma’naviy mulkiga aylanib bo‘ldi. “Bibixonim” asarining bosh qahramoni Saroymulkxonim –  Bibixonim obrazini yaratishda ancha mehnat qilganligingiz ko‘rinib turipti. Shu boisdan Bibixonim faqat ijobiy qahramongina emas, murakkab obraz tarzida yaratilganligi tabiiydek tuyuladi. Bosh qahramon qiyofasini gavdalantirishda tarixiy haqiqat prinsiplariga  rioya qilingan deb o‘ylaysizmi?  

Shahodat Isaxonova: – Qalamga olinayotgan davrda yuz bergan voqea va hodisalarni, obrazlar olamining haqqoniy mohiyatini tarixiy haqiqat prinsiplari asosida ochib bermas ekansiz, bilimingiz, tajribangiz, hatto, iste’dodingiz qanchalik darajada yuqori bo‘lmasin kutilgan natijaga erisha olmaysiz. O‘zingizga ma’lum, mahdi ulyo, ya’ni, bosh malika Bibixonimning Turon davlatida tutgan o‘rni, mavqei nihoyatda yuksak bo‘lgan. Uning oqila va donoligiga, har bir yumushda tadbirli ekanligiga, nihoyatda adolatpeshaligiga sohibqiron Amir Temurday hukmdor ham tan bergan. Bibixonimga berilgan imtiyozlar, ko‘rsatilgan yuksak ehtirom buning dalilidir.  

Bibixonim “Temur tuzuklari” da qayd etilgan tamoyillarni, qonun-qoidalarni, ya’ni, elu elat ahvolidan ogoh bo‘lish, ularning taqdiri bilan qiziqish, ulug‘larni og‘a, kichiklarni ini va farzand o‘rnida ko‘rish, yoshlarni Vatanga, ulusga, tuproqqa, bayroqqa, tilga sadoqat ruhida tarbiyalash shiorini o‘zi uchun ham dasturilamal deb bilgan va bu tamoyillarga so‘nggi nafasigacha sodoqat saqlagan. Bibixonimning yana bir ibratli tomoni shundaki, Turon malikalaridan birinchi bo‘lib, o‘z mablag‘i hisobidan masjid qurdirgan va tolibi ilmlarga rag‘bat ko‘rsatgan...    

(Davomi bor)