Tarix fanida yozma manbalarning o‘rni beqiyos, biroq ular doim ham o‘tmish manzarasini to‘liq namoyon etavermaydi. Ayniqsa, iqtisodiy jarayonlar, xalqning kundalik turmushi va bozor munosabatlari ko‘pincha saroy solnomachilari e’tiboridan chetda qolib kelgan. XV asrning birinchi yarmida Movarounnahrda yuz bergan iqtisodiy o‘zgarishlar xususida gap ketganda, tadqiqotchilar uzoq yillar davomida aniq ma’lumotlarga ega emas edilar. Tarixiy manbalar sukut saqlagan bir paytda, tangashunoslik fani tilga kirdi va bizga Mirzo Ulug‘bekning davlat arbobi sifatidagi yana bir qirrasini – uning iqtisodiy islohotchi ekanligini isbotlab berdi. Hijriy 832 (milodiy 1428/1429) yilda amalga oshirilgan pul islohoti nafaqat o‘z davri uchun, balki keyingi asrlar iqtisodiy tafakkuri uchun ham muhim hodisa hisoblanadi.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, Mirzo Ulug‘bek davrida amalga oshirilgan pul islohoti haqida birorta ham yozma manbada – na tarixchilar asarlarida, na solnomalarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma’lumot uchramaydi. Bu tarixiy haqiqat faqatgina arxeologik qazishmalar va dafinalarni o‘rganish natijasida yuzaga chiqqan. Taniqli tangashunos olima Yelena Davidovichning tadqiqotlariga ko‘ra, bu islohotning mazmunini anglash uchun 17 ta yirik tanga xazinasi qiyosiy tahlil qilingan.
Islohotning mohiyati nimada edi? XV asrga kelib, mayda savdo va chakana bozor muomalasida mis tangalar – “fulus”larning o‘rni beqiyos darajada oshgan edi. Biroq, muomaladagi tangalarning xilma-xilligi, turli hukmdorlar va turli davrlarga oid eski tangalarning aralashib yurishi bozorda parokandalikni keltirib chiqarardi. 1428 yilda Mirzo Ulug‘bek qat’iy qaror qabul qildi: mis tangalar zarb qilish ishi to‘liq davlat nazoratiga olindi va yagona markaz – Buxoro shahrida jamlandi.
Nima uchun Samarqandda emas, aynan Buxoroda? Tadqiqotchilar buni iqtisodiy ixtisoslashuv bilan izohlaydilar. Samarqand zarbxonasi asosan kumush tangalar va qimmatbaho metallar bilan ishlashga ixtisoslashgan bo‘lsa, Buxoro zarbxonasiga butun davlat miqyosida yagona namunadagi mis tangalarni (fulus) uzluksiz yetkazib berish vazifasi yuklatilgandi. Buxoro zarbxonasi g‘oyat tig‘iz tartibda ishladi va qisqa muddat ichida ulkan hajmdagi bir xil namunadagi tangalarni muomalaga chiqardi.
Islohotning eng nozik jihati aholi qo‘lidagi eski tangalarni yangisiga almashtirish jarayoni edi. Odatda, o‘rta asrlarda bunday almashinuvlar xazina foydasiga katta foiz evaziga amalga oshirilar, bu esa aholining noroziligiga sabab bo‘lardi. Ammo Ulug‘bek islohotida aholi psixologiyasi va bozor qonuniyatlari chuqur hisobga olingan edi. Yangi zarb qilingan tangalar vazni jihatidan eskilariga nisbatan og‘irroq va sifatliroq edi. Bu esa aholida yangi pulga nisbatan ishonch uyg‘otdi. “Yangi” tangalarning og‘ir vazni almashinuv kursidagi farqni ruhiy jihatdan asoslashga xizmat qildi va aholi bu jarayonda jiddiy yo‘qotishlarga uchramadi.
Davlat xazinasi ushbu islohotdan qanday manfaat ko‘rdi? Islohotning birinchi bosqichida eski tangalarni muomaladan chiqarish va yangisini joriy etish orqali barqarorlikka erishilgan bo‘lsa, ikkinchi bosqichda davlat tanga zarb qilish huquqidan doimiy daromad manbai sifatida foydalandi. Misning tannarxi va tanganing nominal qiymati o‘rtasidagi farq to‘liq xazinaga tushardi. Buxoro zarbxonasining uzluksiz faoliyati xazinaga ulkan daromad keltirish bilan birga, bozorni yetarli naqd pul massasi bilan ta’minladi. Bu – o‘sha davr iqtisodiy tafakkurining yuksak namunasi bo‘lib, bir vaqtning o‘zida ham davlat manfaatlarini, ham savdo ahlining ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan omilkor siyosat edi.
Mirzo Ulug‘bekning 1428 yilgi pul islohoti shunchaki texnik jarayon emas, balki puxta o‘ylangan davlatchilik tadbiri edi. Bu islohot natijasida butun Movarounnahr hududida yagona, standartlashtirilgan mis pul tizimi joriy etildi. Bu holat hududlararo savdoni jonlantirdi, chakana savdo rivojiga kuchli turtki berdi va eng muhimi – davlatning iqtisodiy qudratini mustahkamladi. Arxeologik ma’lumotlar shuni tasdiqlaydiki, “Buxoro seriyasi” deb nomlangan ushbu tangalar uzoq yillar davomida barqaror muomala vositasi bo‘lib xizmat qilgan.
Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA