Joriy yilning 2-4 may kunlari Surxondaryo viloyatining go‘zal va maftunkor tog‘lar qo‘ynidagi Boysun tumanida “Tandir Fest” festivali bo‘lib o‘tadi.
Viloyatda ilk marta o‘tkazilayotgan festival “Boysun bahori” turizm majmuasida tashkil etiladi.
Tadbirda qadimiy va hamisha navqiron vohaning gastronomik turizm salohiyati keng namoyish etilib, ko‘p ming yillik tarixga ega noyob milliy qadriyat va an’analar, xalqimizning oshpazlik mahorati, xalq amaliy san’ati hamda madaniy merosi targ‘ib qilinadi.
[gallery-23036]
Mutaxassislarning aytishicha, sayohatga chiqayotgan turist uchun boradigan mamlakatining milliy oshxonasi ham muhim ahamiyatga ega. Shu bois sayyohlarning aksariyati o‘sha davlatning milliy taomlari va ularning tayyorlanish usullarini e’tiborga oladi. Shu jihatlari bilan vohada birinchi marta tashkil etilayotgan mazkur festival viloyatga turistlar oqimini ko‘paytirishda muhim omil bo‘ladi.
Viloyat hokimligining axborot xizmatidan ma’lum qilinishicha, shu maqsadda festival dasturidan hududlardagi eng mashhur, qo‘li shirin oshpazlarning tandiri go‘shti tayyorlash bo‘yicha mahorat darslari, milliy an’analar va xalq amaliy san’ati ko‘rgazmalari, milliy hunarmandlik yarmarkalari o‘tkaziladi. San’atkorlarning qiziqarli konsert dasturlari, folklor jamoalarining chiqishlari, milliy raqslar festivalni yanada serzavq o‘tkazishga xizmat qiladi. Festival ishtirokchilari havo sharlari orqali maftunkor Boysunning go‘zal tabiatini moviy osmondan miriqib tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Festivalning tantanali yopilish marosimi elimiz suygan taniqli san’atkorlarning qiziqarli galakonserti bilan yakunlanadi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri