Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tanazzulga uchragan ekotizimlar qayta tiklanishi lozim
15:04 / 2024-06-26

Poytaxtimizda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida “Global asos – erta harakatni qo‘llab-quvvatlash” qo‘shma loyihasi doirasida bioxilma-xillikni saqlash bo‘yicha yangilangan milliy maqsadlar muhokamasiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Soha vakillarining ta’kidlashicha, 2022 yilda 190 ta davlat tomonidan “Kunming-Monreal” global bioxilma-xillik asosi (GBF) bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Ushbu tarixiy asos 2050 yilgacha tabiat bilan uyg‘unlikda yashaydigan dunyo haqidagi global tasavvurga erishish uchun ulkan yo‘lni belgilaydi. Dastur 2050 yilgacha iqlimga neytral, tabiatga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan va barqaror dunyoga yo‘l ochib, iqlim bo‘yicha Parij kelishuvini to‘ldiruvchi bioxilma-xillik bo‘yicha global harakatlar uchun asos yaratadi.  

Tadbirda qayd etilishicha, O‘zbekistonning biologik xilma-xillikni saqlash bo‘yicha yangi milliy maqsadlari 2024 yil oktyabr oyida Kolumbiyada bo‘lib o‘tadigan Biologik xilma-xillik to‘g‘risidagi konvensiya ishtirokchilarining 16-konferensiyasida jahon hamjamiyatiga taqdim etilishi rejalashtirilgan.  

“Global asos – erta harakatni qo‘llab-quvvatlash” qo‘shma loyihasi 2030 yilgacha butun dunyo bo‘ylab tabiat va uning insoniyatga muhim xizmatlarini saqlash va himoya qilish uchun amalga oshirilishi kerak bo‘lgan aniq amaliy harakatlarni belgilaydi. O‘zbekiston ushbu Dasturni imzolash orqali uni mamlakatimizda amalga oshirish majburiyatini oldi.  

Global ekologik fond BMTTD va UNEP bilan birgalikda Global bioxilma-xillik dasturining maqsad va vazifalarini amalga oshirishda mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 138 ta davlatda, jumladan, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan global loyihaga mablag‘ ajratdi.  

“Global bioxilma-xillik dasturi – erta harakatlarni qo‘llab-quvvatlash” 2023 yil fevral oyida boshlangan. 2023 yil oktyabr oyida loyiha doirasida Global bioxilma-xillikni saqlash dasturining amaldagi Strategiyasi va Harakatlar rejasiga muvofiqligi masalalari muhokama qilingan va yangi maqsadlarni aniqlab olish zarurati belgilangan.  

Dasturning asosiy global maqsadlaridan biri 2030 yilga qadar dunyo bo‘ylab tanazzulga uchragan ekotizimlarning 30 foizini qayta tiklash, ma’lum turlarning yo‘q bo‘lib ketishini to‘xtatish va 2050 yilga kelib barcha turlarning yo‘q bo‘lib ketish xavfini va tezligini o‘n baravar kamaytirish, 2030 yilgacha pestitsidlarni qo‘llash xavfini kamida 50 foizga kamaytirish, qishloq xo‘jaligi, baliqchilik va o‘rmon xo‘jaligi uchun ajratilgan hududlarni barqaror boshqarish va biologik xilma-xillik uchun bezarar bo‘lgan agroekologiya va boshqa amaliyotlar ko‘lamini sezilarli darajada kengaytirishdan iborat. 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA