Tana qismiga va yuklar orasiga yashirilgan 180 dona “iPhone”lar fosh etildi
Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining Shaxsiy xavfsizlik va Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Navoiy” chegara bojxona posti orqali mobil uyali aloqa vositalarini yurtimizga noqonuniy tarzda olib kirishga uringan 4 nafar shaxslar to‘xtatib qolindi.
Tadbir davomida qo‘shni davlatdan yurtimizga piyoda holda kirib kelgan fuqarolar belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida ularning bel qismi va qo‘l yuklari orasiga jami 180 dona “iPhone” rusumli uyali aloqa vositalari xufiyona tarzda berkitilgani ma’lum bo‘ldi.

Ashyoviy dalil sifatida olingan mazkur telefonlarning umumiy qiymati dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 1 mlrd. 80 mln. so‘mni tashkil etmoqda.
Hozirda, holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Sh.Mamaturopova, O‘zA