Farg‘ona shahar Beruniy mahallasi hududidagi O‘zbekiston Davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Farg‘ona filialining sport zali ta’mirtalab holatga kelib qolgan edi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tashabbusi bilan 200 million so‘mdan ziyod mablag‘ evaziga mazkur inshoot qayta rekonstruksiya qilinib, mahalla yoshlari uchun foydalanishga topshirildi. Endilikda yoshlar bo‘sh vaqtini sport majmuasida o‘tkazib, sportning taekvondo, karate, kurash hamda gimnastika turlari bilan shug‘ullanib, barkamol shaxs bo‘lib ulg‘ayadi.

– Prezidentimizning 5 ta muhim tashabbusi asosidagi sa’y-harakatlar butun yurtimiz bo‘ylab keng quloch yozmoqda. Mahallamizdagi bu sport zalida barcha sharoitlarning muhayyo etilib, biz yoshlarga topshirilgani Mustaqillik bayrami arafasida chinakam sovg‘a bo‘ldi, – deydi Beruniy mahallasidagi yoshlar yetakchisi Farruh Turdaliyev.

Darhaqiqat mustaqilligimizning 31 yilligi bayrami arafasida yangi qiyofa kasb etgan sport inshootining foydalanishga topshirilganligi yoshlarga munosib tuhfa bo‘ldi. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisining o‘rinbosari Q.Qirg‘izaliyev, Davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi raisi o‘rinbosari A.Salixov va boshqalar bu kabi sport inshootlari yoshlarni sog‘lom va barkamol avlod bo‘lib voyaga yetishlariga xizmat qilishini ta’kidladi.
M.Sulaymonov, O‘zA