Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Mavluda Ibragimova hududlarda bo‘lib, saylovchilar bilan yuzma-yuz muloqot qildi, ijtimoiy soha maskanlariga tashrif buyurib, ularning faoliyatini yaqindan o‘rgandi.
Jumladan, deputat Buvayda tumanidagi tug‘uruq kompleksida bo‘lib, uning sharoiti bilan tanishdi. Tug‘uruq kompleksi vakillari bilan muloqot davomida har bir shifokor inson hayoti uchun javobgar ekani va bu mas’uliyatni his etgan holda ish olib borish lozimligi qayd etildi.

Bu kabi uchrashuvlar tibbiyot sohasida shaffoflikni ta’minlash va fidoyi kadrlar mehnatini e’tirof etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, deputat Uchko‘prik tumanidagi tug‘uruq kompleksi faoliyati bilan ham tanishdi. Tashrif davomida muassasada olib borilayotgan ta’mirlash ishlari ko‘zdan kechirildi.

Shu bilan birga, amaldagi infratuzilma, tibbiy xizmat ko‘rsatish holati va fuqarolar uchun yaratilgan sharoitlar o‘rganildi. Aniqlangan kamchilik va muammolar yuzasidan tegishli mutasaddilarga taklif va tavsiyalar berildi.
M.Ibragimova Uchko‘prik tumanida joylashgan Sariqqo‘rg‘on qishlog‘idagi oilaviy poliklinika faoliyati bilan ham tanishdi. Tashrif davomida muassasaning umumiy holati ko‘zdan kechirildi.

Aniqlanishicha, bino hozirda ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan. Poliklinika binosi bo‘yicha umumiy ma’lumot tayyorlanib, viloyat hokimiga taqdim etildi. Hokim va deputat tashabbusi bilan binoda kapital ta’mirlash ishlarini amalga oshirish masalasi shu yil ikkinchi chorak dasturiga kiritildi.
M.Komilova,
O‘zA