Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yurtimizda konlarda tabiiy gaz qazib chiqarishni ko‘paytirish, uglevodorodlar zaxirasini oshirish maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, yangi quduqlar burg‘ilash, tugatilgan quduqlar majmuasida qaytarish ishlari barobarida, quduqlarda kapital ta’mirlash bajarilgandan so‘ng ular qayta ishga qo‘shilmoqda. Buxoro viloyati Romitan tumani Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Andakli” konidagi 12-sonli quduqda olib borilgan ta’mirlash ishlari ham muvaffaqiyatli yakunlandi.
Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi geologiya xizmati mutaxassislari tomonidan quduqning 2090-2050 metr oralig‘iga suv yo‘llarini yopish maqsadida sementli ko‘prik o‘rnatildi. 2034-2029 metr oraliqda perforatsiya ishlari olib borildi. Natijada quduqdan kunlik 60 ming kub metr kunlik sanoat miqyosidagi tabiiy gaz va 1 tonna gaz kondensati qazib chiqarilishiga erishildi.
Ma’lumot uchun “Andakli” gazkondensat koni Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida joylashgan bo‘lib, 2019 yilda ochilgan.
Zarif Komilov, O‘zA