Navoiy viloyatining olis Uchquduq tumanida ham qish mavsumida aholiga kommunal xizmatlar ko‘rsatish sohasida vujudga keladigan muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish maqsadida shtab faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Havo haroratining keskin pasayishi kuzatilayotgan shu kunlarda 24/7 rejimda ishlayotgan kommunal xizmatlar ko‘rsatish sohasida nazorat kuchaytirilgan. Tunu kun navbatchiliklar tashkil etilgan.

Ayni paytda 60 yildan ortiqroq davr mobaynida Uchquduq tumani markazini issiqlik bilan ta’minlab kelayotgan qozonxona faoliyatida uzilishlarga yo‘l qo‘ymaslik sohaning yetuk mutaxassislari tomonidan qat’iy nazoratga olingan.

– Sovuq kunlarda energiyaga bo‘lgan talab o‘z-o‘zidan ortadi, – deydi tuman hokimi o‘rinbosari Sevdiyor Muratov. – Bunday holatlarda aholi va ijtimoiy ob’ektlarni issiqlik bilan barqaror ta’minlash ustuvor vazifamiz hisoblanadi. Shu kecha-kunduzda ta’minotdan uzilishlar, avariya va texnik cheklovlar kuzatilmadi.

Hozirda Uchquduq tuman markaziy qozonxonasida qariyb 66 milliard so‘m mablag‘ evaziga modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, 32,3 milliard so‘m hisobidan 20 kilometr uzunlikdagi issiqlik tarmoqlari yangilanadi. 432 ta ko‘p qavatli uylar va 32 ta ijtimoiy soha ob’ektlariga 50 milliard so‘mga individual issiqlik punktlari o‘rnatish ishlari amalga oshiriladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri