Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tamara Yusupova: “Barchasi izchil islohotlarning amaldagi samarasidir”
16:54 / 2023-08-20

Davlatimiz rahbarining 2023 yil 17 avgustdagi farmoyishiga binoan “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganlar orasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanidagi “Tamara Textile” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Tamara Yusupova ham bor.

Yurtimizda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, tadbirkorlik rivojini yangi bosqichga ko‘tarish, mamlakatimizning ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Albatta, bunda mamlakatimizda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan tadbirkorlikni  rivojlantirish,  ularni   har tomonloma qo‘llab-quvvatlash muhim ahamiyat kasb etmoqda. 20 avgust sanasi mamlakatimizda "Tadbirkorlar kuni" etib belgilanishi buning yaqqol isbotidir.  

T.Yusupova tumandagi eng faol ayol tadbirkorlardan biri hisoblanadi. Ishning ko‘zini biladigan, yuqori tashkilotchilik mahoratiga ega ishbilarmon sifatida 2009 yilda aholi va korxona, tashkilotlarga zamonaviy erkaklar, ayollar va bolalar kiyimlarini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan korxonani ishga tushirdi. Mazkur korxona tomonidan 2019-2021 yillarda jami 671,8 million so‘mlik, jumladan, 2019 yilda 134,8 million, 2020 yilda 217 million, 2021 yilda 320 million so‘mlik kiyim-kechak mahsuloti ishlab chiqarildi. Uning ishni to‘g‘ri tashkil etishi natijasida korxona tomonidan keyingi uch yilda 874,8 million so‘m daromad olinib, 203 million so‘m sof foyda olishga erishildi. 2019-2021 yillar mobaynida korxonada ishlab chiqarish sexlarini ishga tushirish, kengaytirish evaziga 25 yangi ish o‘rni yaratilgan.  

Uning sa’y-harakatlari va izlanishlari natijasida tumandagi barcha korxonalar, tashkilotlar hamda aholining turli kiyim-kechak va boshqa trikotaj mahsulotlariga bo‘lgan talabi qanoatlantirilib borilmoqda. Ayniqsa, ishlab  chiqarishni yanada kengaytirish maqsadida 2019 yilda korxona tomonidan 350 million so‘m bank krediti hisobidan yangi trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarish uskunalari olib kelinib, ishga tushirildi. Natijada korxonada qo‘shimcha 15 yangi ish o‘rni yaratildi. Tadbirkorlik faoliyatini boshlagan davrdan buyon 2,5 milliard so‘mdan ortiq investitsiya kiritdi.  

U respublika miqyosida o‘tkaziladigan turli tadbir va ko‘rik-tanlovlarda faol qatnashib keladi. Jumladan, 2009 yilda Toshkent shaxrida o‘tkazilgan “Qo‘li guldir o‘zbek ayolin” ko‘rgazmasida, 2012 yilda “Taqdirimsan, baxtimsan, erkin va obod Vatan” tadbirida mamlakatimiz kelajagi uchun qo‘shgan hissasi uchun O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan “Tashakkurnoma” bilan taqdirlandi.  

T.Yusupova  o‘zining yangiliklarga intilishi va ish tajribasi bilan har yili o‘tkazilishi an’anaga aylangan "Tashabbus – 2014”, “Tashabbus – 2018” ko‘rik tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida faxrli 1-o‘rinni egallagan. 2021 yilning sentyabr oyida “Tadbirkor ayol” uyushmasi tomonidan tashkil etilgan delegatsiya tarkibida Qirg‘iziston Respublikasi Bishkek shahrida hamda dekbar oyida O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi tomonidan Qozog‘iston Respublikasi Nur-Sulton shahrida tashkil etilgan biznes forumda ishtirok qilib, o‘z tadbirkorligini rivojlantirishga, eksport hajmini oshirishga  xizmat qiladigan shartnomalar tuzishga muvaffaq bo‘ldi. U 2021 yilning noyabr oyida “Eng yaxshi ish beruvchi tadbirkor ayol”  ko‘rik tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.  

U homiylikni, odamlarga  g‘amxo‘rlik qilishni o‘zining insoniy fazilatiga aylantirgan.  Korxona foydasi hisobidan 2019-2021 yillarda kam ta’minlangan oilalarga 20 million so‘mlik homiylik yordami ko‘rsatildi. Shuningdek, 30 nafar nogiron bolalarga kiyim-kechak va “Xolimbeg” ovul fuqarolar yig‘ini qizlar futbol jamoasiga sport kiyimlari berildi. Har yili umumxalq bayramlarda o‘zi istiqomat qilayotgan Qilichboy ovulida yashovchi mehnat faxriylariga, nuroniylarga, kam ta’minlangan oilalarga sovg‘alar ulashib keladi. Bunday xayriya tadbirlari davom etmoqda.  

– Davlatimiz rahbari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlarga barcha imkoniyatlar yaratib berilmoqda, – deydi “Faol tadbirkor”  ko‘krak nishoni sohibasi Tamara Yusupova.– Shuning uchun ham, ushbu ko‘krak nishoni hududda mehnat qilayotgan barcha tadbirkor ayollarga berilgan mukofot deb bilaman. Kelajakda bugungi kunning dolzarb vazifasi mahsulotlar eksportini kupaytirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish borasida yangi rejalarni amalga oshirishni niyat qilganmiz. Jumladan, Prezidentimizning joriy yil 23 fevraldagi “Kasanachilikni yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida chekka mahallalardagi ishsiz fuqarolarni, shu jumladan xotin-qizlarni  kasanachilikka jalb qilish orqali 57 yangi ish o‘rni yaratiladi.  

Tadbirkor Xalq deputatlari Amudaryo tumani Kengashi deputati, tuman Kengashining Reglament va deputatlik odobi masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi a’zosi sifatida ham faol ish olib bormoqda. Jamoat ishlarida ishtiroki hamda tashabbuskorligi bilan tuman xotin-qizlari va faollari o‘rtasida hurmat qozonib kelmoqda.  

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri