Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tamakisiz kelajak sari!
18:42 / 2022-10-25

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, tamaki har yili butun dunyoda 8 milliondan ortiq kishini o‘limiga sabab bo‘ladi. Ushbu o‘lim holatlarining 7 milliondan ortig‘i tamakini bevosita iste’mol qilish oqibati bo‘lsa, 1,2 millionga yaqini ikkilamchi tamaki tutuni ta’sirida bo‘lgan chekmaydigan insonlardir.

Alkogolni zararli iste’mol qilish natijasida har yili dunyo bo‘yicha 3,3 million o‘lim holati yuz beradi, bu esa barcha o‘lim holatlarining 5,3 foizini (erkaklar orasida 7,7 foiz, ayollar orasida 2,6 foiz) tashkil qiladi. Kasalliklar va jarohatlar yukining 5,1 foizi alkogol iste’mol qilish natijasida yuz beradi. 20-39 yoshdagi odamlar orasida barcha barvaqt o‘lim holatining taxminan 13,5 foizi alkogol iste’moli bilan bog‘liq.

«Yuksalish» umummilliy harakatining konferens zalida aralash (on-layn va of-layn) shaklda o‘tkazilgan «Tamaki va qonun» mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ana shular haqida so‘z yuritildi.

Anjuman alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish masalalariga keng jamoatchilikni jalb etish hamda O‘zbekiston Respublikasining “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi yangi qonunini qo‘llab-quvvatlovchi axborot makonini mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillari, Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti akademik litseyi, Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti Toshkent filialining o‘qituvchi va talaba-yoshlari, Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligining jamoatchilik kengashi a’zosi, “Tamakisiz” jamoat fondi direktori, Yevroosiyo tamakiga qarshi kurashish koalitsiyasi raisi hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilayotgan «Ibn Sino» jamoat fondining «Tamakisiz kelajak sari!» loyihasini amalga oshirish doirasida O‘zbekiston Jurnalistlarini qayta tayyorlash markazi, «Yuksalish» umummilliy harakati, Sog‘liqni saqlash vazirligining Aholining sog‘lom turmush tarzi va jismoniy faolligini oshirishni qo‘llab-quvvatlash markazi bilan hamkorlikda o‘tkazildi.

Tadbirda ommaviy axborot vositalari vakillari O‘zbekiston Respublikasining “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi yangi qonunini ilgari surish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumotga ega bo‘ldi.

Ta’kidlanishicha, joriy yilning 13 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yalpi majlisida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 2021 yil 21 dekabrda qabul qilingan yangi qonun ko‘rib chiqilib, unda kollizion norma mavjudligi sababli rad etilgan. Ayni vaqtda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kelishuv komissiyasi Senatning takliflari asosida qonunni qayta ko‘rib chiqish ishlarini yakunlamoqda.

Shuningdek, tadbirda alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash bo‘yicha qonunchilikdagi bo‘shliqlarni to‘ldirish hamda qonunchilikdagi ba’zi bir cheklovlarni kuchaytirish haqida ma’lumot berildi.

Mohigul Qosimova, O‘zA