Ular jamoat joylarida chekish joylarini tashkil qilishga taalluqli.
Gap shundaki, ikkilamchi tamaki tutuni jamoat joylarida shu jumladan ish joylarida, barlar, restoranlar, mehmonxonalar va aeoportlarda havo ifloslanishining asosiy manbaidir. Tamaki tutunida 4000 dan ortiq kimyoviy moddalar bor, ulardan kamida 250 tasi zararli, 50 tasi esa kanserogenlardir. Ikkilamchi tamaki tutuni o‘pka saratoni, yurak kasalliklari, insult, bolalarda to‘satdan o‘limni keltirib chiqarishi mumkin.
Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, har yili ikkilamchi tamaki tutunidan nafas olish butun dunyoda taxminan 600 000 nafar insonning bevaqt o‘limiga sabab bo‘ladi, ularning 31 foizi bolalarga va 64 foizi ayollarga to‘g‘ri keladi. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, 43,9 foiz bolalar uy sharoitlarida, 55,8 foizi esa jamoat joylarida tamaki tutuni ta’siri ostida bo‘ladi. Ikkilamchi tamaki tutunidan muntazam nafas oladigan 5 yoshga to‘lmagan 165 ming nafar bola hayotdan ko‘z yumadi. Katta yoshgacha yetganlarida esa surunkali obstruktiv o‘pka kasalligi rivojlanishi ehtimoli oshadi. Darvoqe, chekuvchilar oilasida yashovchi o‘smirlarning o‘zi ham chekuvchiga aylanish ehtimoli ota-onasi chekmaydiganlarga nisbatan 1,5-2 baravar yuqoridir.
Chekish joylarini tashkil qilish orqali tamaki chekish uchun shart-sharoitlar yaratiladi, ya’ni chekish uchun qulaylik yaratiladi.
Jamoatchilikni ikkilamchi tamaki tutunining zararli ta’siridan himoya qilishning yagona usuli – bu chekishni taqiqlash haqida qonun qabul qilish!
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Tamakiga qarshi kurashish bo‘yicha Hadli konvensiyasi 8-moddasining talablariga muvofiq, har bir davlat tamaki tutunidan 100 foiz holi bo‘lgan muhitni ta’minlashi lozim. O‘zbekiston Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Tamakiga qarshi kurashish bo‘yicha Hadli konvensiyasiga 2012 yil 24 aprelda qo‘shildi.
Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, chekishni cheklashga qaratilgan kompleks qonunlar kamida 60ta mamlakatda, shu jumladan daromadi darajasi past va o‘rta mamlakatlarda qabul qilindi.
Armanistonda jamoat joylarida chekish umuman taqiqlangan. Gruziya, Moldova, Tojikiston, Ukrainada aksariyat yopiq jamoat joylarida chekish mumkin emas. AQSH, Argentina, Avstraliya, Braziliya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Kanada, Turkiya va ko‘plab boshqa mamlakatlarda umumiy ovqatlanish korxonalari (qahvaxonalar, restoranlar, barlar va h.k.)ning yopiq xonalarida chekish taqiqlangan.
Qayd etilishicha, agar xonalarda chekish butunlay taqiqlansa, bu iste’mol qilinadigan sigaretalar sonini 15 foizga kamaytiradi hamda chekishni tashlashga muvaffaqiyatli urinishlar sonini 80 foizga oshiradi. Bundan yumshoqroq cheklovlar, xususan, chekish xonalarini yopiq joylarda tashkil qilish, tamaki iste’molining kamayishiga olib kelmaydi.
Tamaki industriyasi odamlarni ikkilamchi tamaki tutunidan himoya qiladigan chora-tadbirlarga to‘sqinlik qilib kelmoqda, chekuvchilarning “manfaatlarini hisobga oladigan” tashabbuslarni ilgari surmoqda, bunday tashabbuslardan bittasi – chekishni qisman taqiqlash to‘g‘risidagi qonunlar.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Saratonni o‘rganish bo‘yicha agentligining ma’lumotlariga ko‘ra, chekuvchilar uchun maxsus joylarni ajratish sog‘liq uchun xavf-xatarlarni bartaraf etmaydi, chunki tamaki tutuni chekuvchilarning “maxsus hududlari”dan chekmaydiganlar hududlariga bemalol tarqaladi.
Tamaki ishlab chiqaruvchilar jamoat joylari va mehmonxonalarda havo ventilyatsiyasi va filtrlash tizimlaridan foydalanishni ham xuddi shunday maqsadlarda ilgari surmoqda, zero, havo ventilyatsiyasi va havoni filtrlash ikkilamchi tutunni yo‘qotish uchun samarasizdir. Ventilyatsiya tizimlari tamaki tutunini yo‘qotmaydi va uning ta’siridan to‘liq himoya qilmaydi. Boz ustiga, tamaki tutuni tarkibidagi nikotin va toksik moddalar devor, mebel yuzalari, gilam, pardalarga o‘tirib qoladi va sigareta o‘chirilgandan keyin ham saqlanadi.
Shuni ham hisobga olish kerakki, jamoat joylarida chekishni taqiqlash bo‘yicha kompleks qonunlar iqtisodiy jihatdan ham foydalidir.
Ikkilamchi tamaki tutuni ta’sirida bo‘lish sog‘liqni saqlash va tibbiy xizmat ko‘rsatish xarajatlarini oshirib yuboradi, mehnat unumdorligini kamaytiradi va chiqimlarni ko‘paytiradi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ta’kidlashicha, jamoat va ish joylarida chekishni taqiqlovchi qonunlar “nomaqbul iqtisodiy oqibatlarga olib kelmaydi”, aksincha, biznesga ijobiy iqtisodiy ta’sir o‘tkazadi.
2017 yilda Yevropaning 19 ta davlatida o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasida tamakiga qarshi qaratilgan qonunlar restoran, bar va qahvaxonalardagi sotuvlar hajmi, tushum, foyda va bandlik kabi ko‘rsatkichlarga bunday qonunlar qabul qilinmagan mamlakatdagi xuddi shunday muassasadagiga nisbatan jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi aniqlandi. Yangi Zelandiyada tamakiga qarshi kompleks qonun qabul qilinganidan keyin bir yil o‘tgach, chet ellik turistlar soni 1,5 foizga, ularning xarajatlari esa 3,3 foizga oshdi. Xuddi shunday vaziyat Argentina, Irlandiya, Norvegiya, Meksika, Kiprda ham kuzatildi.
Ikkilamchi tutun ta’sirining xavfsiz darajasi bo‘lmaydi.
O‘zbekiston Respubliki Sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassislarining fikricha, chekish uchun joylarni tashkil qilish (xonalar, binolar ichida tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish uchun alohida joylar ajratish) mamlakatimiz Konstitutsiyasiga (O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 24-moddasiga (Yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqidir. Inson hayotiga suiqasd qilish eng og‘ir jinoyatdir), shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining «Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida»gi Qonunining 17-moddasiga (Fuqarolar qulay yashash muhiti huquqiga ega) zid, ya’ni fuqarolar toza havodan nafas olish huquqiga ega.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 20 oktyabrdagi “2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 841-sonli qarorida yuqumli bo‘lmagan kasalliklardan barvaqt o‘limni 2030 yilgacha 25 foizga qisqartirish ko‘zda tutilgan.
Faqat chekishni taqiqlash to‘g‘risidagi kompleks qonunlar hamma uchun toza havoni kafolatlaydi, xodimlar va chekmaydiganlarning sog‘lig‘ini himoya qiladi va chekuvchilarni chekishdan voz kechishga rag‘batlantiradi.
Aholi va kelajak avlod sog‘lig‘ini saqlash uchun 100 foiz tamaki tutunidan holi bo‘lgan muhit zarur!
“Ibn Sino” jamoatchilik fondi materiallari
asosida O.Xarchenko tayyorladi, O‘zA