Mamlakatimizga sifati kafolatlanmagan va majburiy tartibda aksiz markalari bilan markalanishi belgilangan tamaki mahsulotlarining noqonuniy ravishda va aksiz markalari bilan markalanmasdan olib kirilishiga bojxona organlari tomonidan tizimli ravishda tezkor tadbirlar o‘tkazish orqali qarshi kurash olib borilmoqda.
Jumladan, Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan oldindan olingan ma’lumot asosida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Qo‘shtepa tumani hududida harakatlanayotgan fuqaro N.S. boshqaruvidagi “Damas” rusumli avtotransport vositasi kuzatuvga olinib, ushbu tuman hududida to‘xtab turgan vaqtida belgilangan tartibda xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Natijada avtomashina saloni va yukxonasida noqonuniy olib kirilgan va aksiz markalari bo‘lmagan umumiy qiymati 90 million so‘mlik 2 turdagi jami 9000 quti “Milano” nomli tamaki mahsulotlari borligi aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Ma’lumot o‘rnida Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan joriy yilning o‘tgan 7 oyi mobaynida 29 ta holatda umumiy qiymati 1 milliard 421 million so‘mlik jami 173 ming 570 qutidan ziyod tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgan.
M.Sulaymonov, O‘zA